Yetti milliy dastur – inson qadri va milliy yuksalishning yangi taraqqiyot modeli
O‘zbekiston yangi taraqqiyot davrida inson qadrini ustuvor bildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 35 yilligida mamlakat kelajagini belgilovchi yetti yo‘nalishda milliy dasturni taqdim etdi.
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida davlat va jamiyat hayotida mustaqil taraqqiyot yo‘lini shakllantirish, milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lgan bo‘lsa, bugungi bosqichda mamlakat oldida bundanda kengroq va strategik maqsadlar turibdi. Endilikda taraqqiyot mezoni nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘zgarishlari, balki insonning hayot sifati, huquq va erkinliklari, bilim va salohiyati, munosib daromadi, sog‘lom va xavfsiz muhitda yashashi bilan ham o‘lchanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan yetti milliy dastur mamlakat taraqqiyotining navbatdagi bosqichiga oid ustuvor vazifalarni yaxlit tizimga birlashtirishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu dasturlar ta’limdan tibbiyotgacha, iqtisodiyotdan ekologiyagacha, sud-huquq tizimidan mahalla va tashqi siyosatgacha bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Aslida, bu yo‘nalishlarning har biri jamiyat hayotining alohida bir sohasiga taalluqli bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turadigan umumiy mezon – insonning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish mavjud.
Birinchi milliy dastur – bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish. Bu vazifa, avvalo, yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Olti yoshli bolalarni tayyorlov guruhlariga to‘liq qamrab olish, maktablarni xalqaro baholash dasturlariga jalb etish, texnikumlarda xalqaro standartlarni joriy qilish va yoshlarni yuqori daromadli kasblarga tayyorlash kabi vazifalar belgilangan.
Ikkinchi milliy dastur – xalqimizning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash. Inson qadri, eng avvalo, uning sog‘lom va munosib hayot kechirishi bilan bog‘liq. Shu bois tibbiyot tizimini takomillashtirish, profilaktika va sifatli tibbiy xizmatni kuchaytirish aholi farovonligining muhim sharti sifatida namoyon bo‘ladi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish. Yangi iqtisodiy taraqqiyot modeli yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar, innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va inson kapitaliga tayanadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va yoshlar uchun zamonaviy kasb va imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchi milliy dastur – suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi bosqichga olib chiqish kelajak avlodlar oldidagi muhim mas’uliyatdir. Prezident nutqida yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsadi ham belgilangan.
Beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirish. Bu yo‘nalish inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Adolat qaror topgan joydagina insonning davlatga ishonchi, jamiyatning barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyot ta’minlanadi. Shuning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish, kiberjinoyatchilik, odam savdosi, giyohvandlik, yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilangan. Bu vazifalar inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlar, jumladan, Ombudsman instituti zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, fuqaroning huquqi buzilganida uni eshitish, muammosini o‘rganish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va davlat organlari faoliyatida inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash huquqiy demokratik davlatning muhim belgisidir.
Oltinchi milliy dastur – mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish. Mahalla inson va davlat o‘rtasidagi eng yaqin muloqot maydonidir. Shuning uchun hududlarni rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirishda fuqarolarning fikri va ehtiyojlarini inobatga olish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yondashuv “davlat – jamiyat – inson” munosabatlarini yanada takomillashtirib, aholining jamoatchilik boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirish. Tinchlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik mamlakatimiz barqaror taraqqiyotining muhim kafolatlaridir. O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Yetti milliy dasturning mazmun-mohiyatiga yaxlit nazar tashlanganda, ularning har biri inson hayotining muayyan jihatini qamrab olishi, biroq yakunda bitta umumiy maqsadga – inson qadrini yuksaltirish va uning munosib hayoti uchun mustahkam sharoit yaratishga xizmat qilishi ko‘rinadi.
Bu yerda ta’lim kelajakdagi imkoniyatlarni kengaytiradigan kapital sifatida qaralmoqda. Sog‘liqni saqlash faqat mavjud kasallikni davolash emas, balki uzoq va sifatli hayot uchun sharoit yaratishni anglatmoqda. Yuqori texnologiyali iqtisodiyot esa faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, balki inson mehnatining unumdorligini, daromadlarini va zamonaviy kasblarga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Xuddi shuningdek, suv va tabiatga mas’uliyatli munosabat bugungi ehtiyoj bilan kelajak avlod manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan. Sud mustaqilligi va qonun ustuvorligi esa inson o‘z huquqlari himoyalanganiga ishonch hosil qiladigan huquqiy muhitni shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi. Mahallaning jamiyat taraqqiyotidagi rolini kuchaytirish esa davlat siyosatini aholining kundalik ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirish imkonini beradi. Tinchlik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan siyosat esa barcha islohotlar amalga oshiriladigan barqaror muhitni ta’minlaydi.
Davron Alibekov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti,
falsafa bo‘yicha falsafa doktori