Yer osti suvlari nazorati — hosildorlik kafolati
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida o‘tkazilgan navbatdagi amaliy seminar yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan samarali foydalanish va raqamli monitoring tizimlarini keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“Sirdaryo–Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya mutaxassislari tomonidan “Oltinsoy” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi tarkibidagi “Rustam Sattorov” fermer xo‘jaligi dalasida tashkil etilgan tadbir zamirida zamonaviy texnologiyalar orqali yer taqdirini, demakki, hosil taqdirini nazorat qilish g‘oyasi mujassam bo‘ldi.

Seminar davomida kuzatuv quduqlariga o‘rnatilgan dayver qurilmalarining ishlash mexanizmi, ularning yer osti suvlari sathini aniq o‘lchashdagi ahamiyati va meliorativ monitoring tizimidagi o‘rni atroflicha tushuntirildi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, yer osti suvlari sathining muntazam nazorat qilinishi sho‘rlanish va botqoqlanish xavfini barvaqt aniqlash, meliorativ chora-tadbirlarni o‘z vaqtida belgilash hamda yer unumdorligini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun suv xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan bunday ishlar mamlakatimizda sohani raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan islohotlarning uzviy davomidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-mayda qabul qilingan “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi Farmonida suv resurslarini boshqarish, hisobini yuritish va monitoring jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy nazorat vositalarini keng tatbiq etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Mazkur seminarda ko‘tarilgan masalalar aynan ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Tadbirda dayver qurilmalari orqali olinayotgan ma’lumotlarning aniqligi, ularni elektron platformalarga integratsiya qilish va tahlil etish orqali suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa har bir tomchi suvning qadrini oshirish, har bir gektar yerning meliorativ holatini doimiy nazoratda ushlab turish imkonini beradi.
Seminar ishtirokchilari dayver qurilmalarining texnik imkoniyatlari, ulardan samarali foydalanish usullari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashib, sohaga oid qator amaliy tavsiyalarga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan batafsil tushuntirishlar esa tadbirning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.
Zero, yerning meliorativ holati yaxshilangan sari hosildorlik yuksaladi, suvdan foydalanish samarasi ortib, agrar sohada barqaror rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratiladi. Shu ma’noda, kuzatuv quduqlaridagi bir qarashda oddiy ko‘ringan dayver qurilmalari kelajak hosilini asrashga xizmat qilayotgan zamonaviy “raqamli posbonlar”dir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri