“Yer degradatsiyasi” geoportali va maxsus mobil ilova taqdim etildi
Mamlakatimizda yer resurslaridan barqaror foydalanishni kuchaytirish, Yer degradatsiyasi neytralligiga erishish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligidagi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil ekotizimlarida o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
2022-2026-yillarga mo‘ljallangan loyihaning asosiy maqsadi – yer degradatsiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilik oqibatlarini kamaytirish, yer resurslarini tiklash hamda o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash.
O‘zbekistonda yer degradatsiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilik oqibatlari qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar va ekotizimlar barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikadagi 25,6 million gektar yaylovning 2,5 million gektari degradatsiyaga uchragan, yana 6 million gektarida o‘simlik qoplami yo‘qolgan.
Shu nuqtai nazardan, Yer degradatsiyasi neytralligi yondashuvi yerlarni muhofaza qilish, tiklash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishda muhim amaliy vosita hisoblanadi.
– Ushbu loyihaning ustuvor maqsadlaridan biri — O‘zbekistonning BMT Cho‘llanishga qarshi kurashish kKonvensiyasi bo‘yicha hisobotlarni tayyorlashni yaxshilashdir, – dedi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil ekotizimlarida o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasining bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov. – Uchrashuv barcha manfaatdor hamkorlar orasida yer va o‘rmon degradatsiyasi bo‘yicha ma’lumotlarni shaffof almashuvi uchun asos yaratadi hamda degradatsiyani kamaytirishga hissa qo‘shadi.
Seminar davomida “Yer degradatsiyasi” geoportali va unga bog‘langan “Field Maps” mobil ilovasi taqdim etildi. Mazkur vositalar tuproq sifati, sho‘rlanish, agrokimyoviy tahlil va yaylov geobotanikasi bo‘yicha ma’lumotlarni tizimli ravishda yig‘ish, kiritish va tahlil qilish imkonini beradi.
Taqdimot materiallariga ko‘ra, geoportalda 17 qatlam asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon, suv fondi va boshqa toifadagi yerlar bo‘yicha degradatsiyaga qarshi kurashga oid ma’lumotlar jamlanmoqda.
Geoportal turli idora va muassasalardan keladigan ma’lumotlarni birlashtirish orqali qarorlar qabul qilish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA