Toshkentda piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda
Ayni kunlarda poytaxtimizda yo‘l infratuzilmasini yangilash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tashkiliy ishlar har bir tumanda amalga oshirilmoqda. Belgilangan vaqt davomida nafaqat asfaltlash ishlari, balki yo‘l belgilari, chiziqlar, bordyurlar va jamoat transporti bekatlari ham yangilanadi.
Xususan, piyodalar uchun qulay muhit yaratish va avtotransportdan xoli hududlarga ustuvorlik berish bo‘yicha ishlar doirasida Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan avtoturargohlarni shahar boshqaruvining yagona tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirila boshlandi.
Shu paytgacha odamlar gavjum ob’ektlar yaqinidagi tartibsiz avtoturargohlar asosiy muammolardan biri bo‘lib qolayotgan edi. Avtomobillar piyodalar yo‘laklarida, o‘tish yo‘llari bo‘ylab va binolarga kirish qismlariga qo‘yilib, bu o‘tish yo‘llarining torayishi, ko‘rishning cheklanishi va xavfsizlik darajasining pasayishiga olib kelayotgan edi.
Loyihada piyodalar uchun xavfsiz va qulay shahar muhitiga ustuvorlik berish hamda avtoturargoh maydonini tizimli ravishda tartibga solish nazarda tutilgan.
Tashabbus doirasida savdo va servis ob’ektlari yonidagi xususiy yerusti avtoturargohlari yagona shahar boshqaruv tizimiga ulanmoqda. Bu avtoturargoh o‘rinlarining shaffof hisobini yuritish, ularning bandligini nazorat qilish va foydalanishning tushunarli tizimini shakllantirish imkonini beradi.
Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi yagona qoidalarni joriy etib, tizimli nazoratni ta’minlaydi va shu orqali avtoturargoh maydonini tashkil etishdagi betartiblikka barham beradi.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyiha tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda, keyinchalik uning samaradorligi baholanib, jamoatchilik muhokamasi natijalariga ko‘ra ko‘lamini kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, loyiha amalga oshirilayotgan tumanlarning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan qo‘shimcha daromad manbai shakllantirilmoqda.
Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislarining tahlillariga ko‘ra, faollik yuqori bo‘lgan hududlarda avtomobillarning 20-30 foizi qoidabuzarlik bilan to‘xtaydi. Bunda piyodalar yo‘laklari qisman transport vositalari va boshqa to‘siqlar bilan band bo‘lib, bu ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 40-60 foizgacha pasaytirishi mumkin.
Tirband hududlarda transport oqimining 30 foizgacha, ayrim joylarda esa 40 foizgacha qismi to‘xtash joyini izlash hisobiga yuzaga keladi. Jahon tajribasi avtoturargoh maydonini raqamli va markazlashtirilgan tarzda boshqarish samarali ekanini tasdiqlaydi: mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra, yagona raqamli tizimlar to‘xtash joyini izlash vaqtini 43 foizgacha, bosib o‘tilgan masofani esa 30 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Poytaxtimizda transport infratuzilmasini yaxshilash va zamonaviy bekatlarni tashkil etish ishlari doirasida aqlli bekatlar va zamonaviy infratuzilma qulayliklari yaratilmoqda.
Xo‘sh, bu o‘zgarishlar yo‘lovchilarga qanchalik qulaylik yaratadi?
–Bugungi kunda poytaxtimizda transport vositalarining soni ortib bormoqda, – deydi YPX katta inspektori Sarvar Yo‘lchiboyev. – Shu bois so‘nggi yillarda yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish yo‘llardagi transport harakatlanishini real vaqt rejimida tahlil qilib, chiroqlarni sun’iy intellekt orqali yonish vaqtini avtomatik ravishda belgilaydi. Bu bilan yashil to‘lqin tamoyili samarali yo‘lga qo‘yilib, chorrahalardagi to‘xtab qolish holatlarining oldini oladi. Shaharning bunday zamonaviy tarzda tartibga solinishi aholining kundalik harakatlanish faoliyatiga ham qulaylik tug‘diradi.
Shuningdek, jamoat transporti tizimini yanada takomillashtirish, yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratish maqsadida bekatlar atrofidagi ayrim savdo nuqtalari bosqichma-bosqich boshqa joylarga ko‘chirilmoqda.
Mazkur ishlardan asosiy maqsad yo‘lovchilar uchun erkin va xavfsiz harakatni ta’minlash hamda bekatlarni zamonaviy ko‘rinishda tashkil etishdan iborat.
Shu bilan birga, tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishi uchun muqobil yer maydonlari ajratish ishlari olib borilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA