Yengil atletikachilarimiz medallar jamg‘arishda peshqadam
Toshkent shahridagi “Olimpik” stadionida yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida III Markaziy Osiyo ochiq chempionati davom etmoqda.
Musobaqaning ikkinchi kunida O‘zbekiston vakillari yugurish, sakrash va estafeta dasturlarida sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Erkaklar o‘rtasida 400 metrga yugurishda Abbos Toshtemirov 47,14 soniya natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi.
1500 metrga yugurishning birinchi guruhida Ruhshod Mamurov birinchi, Eldor Botirov ikkinchi, Nasimbek Tuychiyev uchinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi guruhda Azizbek Shukrullayev birinchi, Asilbek To‘xtamurodov ikkinchi, Jahongir Rahmatullayev uchinchi bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasidagi 4x100 metrga estafetada O‘zbekiston terma jamoasi 41,19 soniya natija bilan g‘olib chiqdi.

Ayollar o‘rtasida 5000 metrga yugurishda Marjona Ahmadaliyeva 16:57.19 daqiqa natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sadafbonu Nusratilloyova 17:16.32 daqiqa bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasida uch hatlab sakrashda Ixtiyor Ahmadjonov 15,22 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Balandlikka sakrash bahsida Vadim Chikalov 2,09 metr natija bilan ikkinchi, Amir Nagayev 2,09 metr bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning ikki kunlik natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada 15 ta oltin, 16 ta kumush va 14 ta bronza, jami 45 ta medal bilan umumiy medallar reytingida yetakchilik qilmoqda.
Medal jamg‘arishda Qozog‘iston 9 oltin, 6 kumush, 5 bronza bilan ikkinchi, Turkmaniston esa 2 oltin, 2 kumush, 2 bronza medal bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA