Superliga: «Buxoro» durang o‘ynadi, bugun ham muhim o‘yinlar bor
O‘zbekiston Superligasida raqobat tobora qizg‘in tus olmoqda.
Qo‘qon shahridagi «Markaziy» stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turidan o‘rin olgan «Qo‘qon-1912» — «Buxoro» uchrashuvi o‘tkazildi.
Mazkur bahsda 49-daqiqada Javohir Sidiqov penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Uchrashuv yakuniga yaqin «Buxoro» vakili Shahzodbek Ubaydullayev 90+2-daqiqada gol urib, hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, bahs 1:1 hisobida yakunlanib, har ikki jamoa bir ochkodan jamg‘ardi.
Bugun, 25-avgust kuni Superliganing 19-turi doirasida yana uchta uchrashuv o‘tkaziladi. Unda «Dinamo» — «Paxtakor», «Surxon» — OKMK hamda «Andijon» — «Xorazm» jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Ushbu uchrashuvlar orasida «Dinamo» — «Paxtakor» hamda «Andijon» — «Xorazm» bahslari muxlislarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Mazkur o‘yinlar oldidan jamoalarning o‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar tashlaymiz.
«Dinamo» — «Paxtakor»

Jamoalar chempionat tarixida shu kunga qadar 55-marta o‘zaro bahslashgan. Ushbu uchrashuvlarning 41 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan, 7 ta bahs durang bilan yakunlangan va 7-marta «Dinamo» ustun kelgan. «Paxtakor» raqib darvozasiga 113 ta gol urgan bo‘lsa, o‘z darvozasidan 33 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Jamoalar o‘rtasidagi bahslarda «Paxtakor»ning eng yirik g‘alabasi 6:0 bo‘lgan.
Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham «sherlar» ustunlikka ega. Mehmon sifatidagi bahslarda «Paxtakor» 16-marta g‘alaba qozongan, 7 uchrashuvda durang qayd etilgan va 4-marta mag‘lub bo‘lgan.
Bo‘lajak bahsda «Paxtakor» futbolchisi Zaid Tahsin diskvalifikatsiya sababli jamoasiga yordam bera olmaydi. Hozirda «Paxtakor 39 ochko bilan 2-o‘rinda, «Dinamo» esa 25 ochko bilan 8-pog‘onada bormoqda.
«Andijon» — «Xorazm»

Bu ikki jamoa O‘zbekiston chempionati doirasida ilk bor 1996-yilda to‘qnash kelgan. O‘shanda «Xorazm» «Dinamo Urganch», «Andijon» esa «Navro‘z» nomi ostida ishtirok etgan va bahs 1:1 hisobida yakunlangan. Bugunga qadar jamoalar chempionat doirasida 19-marta o‘zaro raqobatlashgan. Ularning 11 tasida «Andijon», 4 tasida «Xorazm» g‘alaba qozongan, yana 4 uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati — 40:19, «Andijon» foydasiga.
Joriy mavsum birinchi davrasida Urganchda o‘tkazilgan uchrashuvda «Andijon» 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. Unda Andronikashvili, Iminov va Cheran gollarga mualliflik qilgan. 19-tur oldidan turnir jadvalida «Andijon» 24 ochko bilan 9-o‘rinda, «Xorazm» esa 20 ochko bilan 11-pog‘onada bormoqda.
Jamoalarning bugungi uchrashuvi har ikki jamoa uchun turnir jadvalidagi mavqeini yaxshilash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA