YeCHL: Mezbonlar yengilgan kecha
Kecha tunda Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final bosqichidan o‘rin olgan ikki uchrashuv o‘tkazildi. Finaldan oldingi final, deya e’tirof etilgan bahsda "Real Madrid" o‘z maydonida "Bavariya"ni qabul qildi.
Mazkur to‘qnashuvda mezbonlar 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvda dastlab 41-daqiqada Luis Dias hisobni ochgan bo‘lsa, 46-daqiqada Harri Keyn jarima maydonchasi tashqarisidan zarba berib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi. Ketma-ket hujumlardan so‘ng esa mezbonlar futbolchisi Kilian Mbappe 74-daqiqada hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “Santyago Bernabeu” stadionida o‘tgan bu o‘yinda “Bavariya” posboni 40 yoshli Manuel Noyer uchrashuvda haqiqiy qahramon bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Noyer o‘yin davomida jamoasini 9 bor muqarrar goldan saqlab qoldi. Bu orqali posbon bahsning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.

Shuningdek, u bir jamoa tarkibida YeCHLda dastlabki daqiqalardan maydonga tushish bo‘yicha Messiga yetib oldi. Darvoqe, Manuel Noyer 2017-yili aynan “Real”ga qarshi o‘tgan bahsda 10 ta seyvni amalga oshirgan edi. Shu tariqa, “Bavariya” Madriddan g‘alaba bilan qaytdi.
Liganing 1/4 final bosqichidan o‘rin olgan "Sporting" — "Arsenal" jamoalari o‘rtasidagi ilk to‘qnashuvda "kanonirlar" kichik - 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona golni 90+1-daqiqada Kay Xavers kiritdi.
Ma’lumot uchun, “Arsenal”ning bu muvaffaqiyati sabab Angliya klublari UEFA koeffitsiyentlari jadvalida qo‘shimcha yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Natijada Angliya Premer-ligasi yakunlariga ko‘ra, 2026/2027-yilgi YeCHL umumiy bosqichida ushbu chempionatdan 5 ta jamoa ishtirok etadigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, YeCHL ishtirokchilari soni 36 taga oshirilganidan keyin, qo‘shimcha ikki yo‘llanma eng yuqori koeffitsiyentga ega davlatlarga beriladi. Ayni paytda Angliya klublari 25,013 ochko to‘plagan. Ikkinchi yo‘llanma uchun Germaniya va Ispaniya kurash olib bormoqda.
Yevropa Chempionlar ligasining 1/4 final bosqichi doirasidagi uchrashuvlar davom etmoqda. Bugun ushbu bosqichda yana ikki bellashuv bo‘lib o‘tadi. Xususan, "Barselona" o‘z maydonida "Atletiko Madrid"ni qabul qilsa, Parijda “PSJ” va "Liverpul" jamoalari to‘qnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA