Tezkor o‘yinda g‘oliblar aniqlandi
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani sport maktabida chim ustida xokkey bo‘yicha U16 yosh toifasida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan musobaqa yuqori sur’at, keskin vaziyatlar va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Eng muhimi, chim ustida xokkey sportning boshqa turlariga qaraganda tezkor reaksiya, aniq texnika va jamoaviy uyg‘unlikni talab etadi. Maydondagi tezkor almashinuvlar, hujum va himoya o‘rtasidagi uzluksiz raqobat ushbu sport turining o‘ziga xos dinamikasini namoyon etdi.

Musobaqada viloyatning turli hududlaridan kelgan 11 ta jamoa tarkibida qariyb 200 nafar yosh sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi. O‘yinlar davomida jamoalar o‘zaro teng kuchli raqobat namoyon etib, har bir bahs yakunigacha keskinlik saqlanib qoldi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Sayxunobod tumanining 1-jamoasi barqaror o‘yini bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Sardoba tumani jamoasi ikkinchi, Sayxunobod tumanining 2-jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Sayxunobod tumanining 1-jamoasi musobaqa davomidagi ustun o‘yinini yakuniy natijada ham saqlab qoldi va chempionlikni qo‘lga kiritdi. Sardoba tumani jamoasi ikkinchi, Xovos tumani jamoasi esa uchinchi o‘rin bilan musobaqani yakunladi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri