Yaxshi kitoblar tezroq o‘z o‘quvchisining qo‘liga yetib borsin!
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitob karvoni” loyihasi doirasida “Buyuklar haqida 100 dalil” va “Temurbek” kitoblarini maktablar, mahallalar hamda vazirlik-idoralarga topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Azizbek Turdiyev hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni yaxshi va badiiy barkamol kitoblarga oshno etishda ijodkor ziyolilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari zimmasidagi mas’uliyat ulkan ekanini ta’kidladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Milliy kutubxona, Yozuvchilar uyushmasi kabi tashkilotlar bu borada ko‘plab loyihalarni hayotga faol tatbiq etmoqda.

Tadbirda 125 ming nusxadagi kitoblar vazirlik va idoralar vakillariga topshirildi.
Zero, jamiyatda bir badiiy barkamol kitobning chop etilishi, uning taqdimoti o‘tkazilishi quvonarli hol, chin ma’noda ma’rifat bayramidir. Yig‘ilganlar keyingi vaqtlarda bu kabi an’analar tobora ko‘payib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Umid qilamizki, mazkur kitoblar o‘quvchilar va kitobxonlar qo‘lidan tushmay o‘qilib, ulardagi qiziqarli faktlar yodda saqlanadi.
N.Usmonova,
O‘zA