Sun’iy intellekt har kuni 6-7 mingta e’lonni tahlil qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasining xarid.uzex.uz davlat xaridlari tizimida sun’iy intellekt servislarining faol qo‘llanilishi natijasida inson omili keskin qisqartirildi.
“O‘zRTXB” AJ matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyevning ma’lum qilishicha, tadbirkorlar tomonidan elektron va milliy do‘kon tizimlariga joylashtirilayotgan e’lonlarni moderatsiya qilish va baholash jarayonlari to‘liq sun’iy intellektga o‘tkazildi.
–Hozirgi kunda tizimda bir kunda o‘rtacha 6-7 mingta e’lon sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinib, avtomatik tarzda moderatsiyadan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, 200 dan ortiq mebel turi uchun umumiy va unikal texnik tavsiflarning ishlab chiqilishi natijasida e’lonlarni moderatsiya jarayonisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu samarali yondashuv bosqichma-bosqich boshqa tovar toifalariga ham joriy etilishi rejalashtirilgan, – deya ta’kidladi u.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA