Yashnobod tumanida kriminogen vaziyat va korrupsiyaning oldini olish ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Yashnobod tumani kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Mahalliy kengash doimiy komissiyalari a’zolari va deputatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Yashnobod tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati, shuningdek, jamoat xavfsizligi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Prezident tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika, maishiy korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham ushbu masalaga alohida urg‘u berilib, korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid ekani ta’kidlandi. 2026-yilda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilindi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, qo‘shma majlisda tumanda jinoyatchilik hamda korrupsiyaning oldini olish, bozorlarni raqamlashtirish, qurilish sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.

Xususan, Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, tuman prokurori hamda qator tashkilotlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birgalikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ta’kidlanib, davlat organlari va tashkilotlariga kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli vazifa hamda tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA