Yashirin yuk fosh etildi
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, halol tadbirkorlik muhitini muhofaza qilish hamda noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurashishda bojxona organlari tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalari va xavflarni tahlil qilish tizimlaridan samarali foydalanilmoqda.
Ana shunday izchil nazorat tadbirlari natijasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida yirik qonunbuzilish holati o‘z vaqtida fosh etildi.
Bojxona posti orqali xorijdan import qilinayotgan yuk “Xavfni boshqarish” tizimi orqali dastlab “sariq” yo‘lakka yo‘naltirilgan. Biroq tajribali inspektorlar yukning rentgen tasvirlari hamda bojxona hujjatlaridagi ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslar ekan, ular o‘rtasidagi jiddiy tafovutlarga e’tibor qaratishdi.

Shundan so‘ng o‘tkazilgan batafsil bojxona ko‘rigi davomida yuk kuzatuv hujjatlarida umuman qayd etilmagan, og‘irligi 3 tonnadan ortiq bo‘lgan turli xil avto ehtiyot qismlari yashirin tarzda mamlakat hududiga olib kirilayotgani aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, deklaratsiya qilinmagan mazkur tovarlarning umumiy qiymati 3 milliard 499 million so‘mni tashkil etgan. Bu esa davlat byudjetiga katta miqdordagi bojxona to‘lovlari tushmasligiga, ichki bozorda esa noqonuniy tovar aylanmasi kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Hozirda aniqlangan barcha tovarlar belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olingan. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda hamda qonunchilikka muvofiq huquqiy baho beriladi.

Bu holat yana bir bor zamonaviy rentgen nazorati, “Xavfni boshqarish” tizimi va bojxona xodimlarining yuksak kasbiy mahorati noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurashda qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini yaqqol namoyon etdi. Davlat chegarasida olib borilayotgan bunday qat’iy nazorat tadbirlari mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, halol tadbirkorlar huquqlarini ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutayotgani shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri