O‘zbekistonlik yoshlarning navbatdagi yutug‘i
Xalqaro iqtisod olimpiadasida (IEO 2026) dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan 250 dan ortiq eng iqtidorli yosh iqtisodchilar qatnashib, yurtimiz terma jamoasi a’zolari ham ushbu bilimlar musobaqasida muvaffaqiyatga erishdi.
O‘zbekistonlik yoshlar mazkur xalqaro olimpiadada umumiy hisobda 2 ta medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, Qarshi shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Asliddin Boynazarov hamda Nukus shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Nurlibay Alimjanov bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Aytish kerakki, Xalqaro iqtisod olimpiadasi ilk bor 2018-yilda Moskva shahrida tashkil etilgan. O‘zbekiston ushbu nufuzli olimpiadada 2024-yildan buyon muntazam ishtirok etib kelmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA