Yashillikni asrab-avaylash insoniyatning ham burchi, ham majburiyati
Tabiat va yashillik inson hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Daraxtlar, o‘t-o‘lanlar va o‘rmonlar nafaqat kislorod manbai, balki ekologik muvozanatni saqlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Kelgusida mahallalarda yashillik darajasini oshirishda har bir odam uchun 3 ta daraxt, 30 foiz daraxt soyasi, 300 metr atrofida yashil hudud bo‘lishini ta’minlashni nazarda tutuvchi “3-30-300” xalqaro standarti joriy qilinadi. Shuningdek, 2030-yilga qadar yashil bog‘lar va yashil jamoat parklari sonini 1023 taga yetkazish, 2026-yilda “Yashil makon” doirasida kuz mavsumida 257 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parklari yaratish, 2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan umumiy uzunligi 10 kmdan kam bo‘lmagan soyali sayr ko‘chalari yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari 2026-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi o‘tkaziladi. Bunda yashil hududlar joylashuvi aniqlanadi, yerlar tayyorlanadi, ko‘chat va butalar zaxirasi yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yil 1-noyabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda, 2026-yil 5-noyabrdan Buxoro va Navoiy viloyatlarida, 10-noyabrdan Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 20-noyabrdan esa Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ko‘chat va butalar ekish mavsumi boshlanadi. Qolaversa, 2027-yil 1-yanvardan “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy qilinadi. Loyiha doirasida mahallalarga o‘rmonchi-murabbiy xodim biriktiriladi. “Mahalla yettiligi” a’zolari har ekish mavsumi oldidan o‘qitiladi.
Shu bilan birga, 2026-yil kuz mavsumidan boshlab yer maydoni cheklangan mahallalarda, ko‘p kvartirali uylar oralig‘ida, maktab va bog‘chalar hovlilarida mahalla mikroo‘rmonlari tashkil etiladi. Bunda 200-1000 metr kvadrat maydonda har bir metr kvadratga kamida 2 ta daraxt va buta ko‘chatini zich ekish usuli (qatlamlab) qo‘llanadi. Yer ajratish imkoniyati bo‘lmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda jamoatchilik kichik bog‘lari tashkil etiladi. Shu bilan birga, botanika va dendrologiya bog‘lari, o‘rmon xo‘jaliklari, yirik yashil hududlar va obodonlashtirish boshqarmalari hududlarida kompostlash va mulchalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, aholining yashil bog‘larni yaratish bo‘yicha talab va takliflarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2027-yil 1-yanvardan “Yashil lot” tizimi joriy qilinadi. Bunda mavjud yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslarga yashil bog‘ barpo etish uchun beriladi. Bunda ajratilgan hudud mulk sifatida o‘tkazilmaydi, qurilish qilish va boshqa faoliyat turlari taqiqlanadi. Qolaversa, 2028-yil 1-sentabrga qadar iqlim sharoitidan kelib chiqib, respublika har bir hududining iqlimiy-geografik zonalariga mos daraxt va buta ko‘chatlarini yetishtirishga ixtisoslashgan 1 tadan “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etiladi. Laboratoriyalarda suvsizlik, sho‘rlanish, yuqori harorat, kasalliklarga chidamli va qum-chang ko‘chishining oldini olishga xizmat qiluvchi daraxt va buta turlari ko‘paytiriladi. Barcha hududlarda zamonaviy ko‘chatxona va ko‘chat savdosi bo‘yicha tashrif markazlari tashkil etiladi.
Mutaxassislarning fikricha, aslida, yashillikni asrab-avaylash insoniyatning faqat burchi emas, balki majburiyati hamdir. Har birimiz tabiatga mehr ko‘rsatib, yashil muhitni saqlashga hissa qo‘shishimiz shart. Chunki yashillik tabiatning yuragi bo‘lib, insoniyatning ekologik xavfsizligini ta’minlaydi. Daraxtlar havoni tozalaydi, karbonat angidridni yutib, o‘zidan kislorod ajratib chiqaradi. Shuningdek, ular tuproqni eroziyadan saqlaydi, suv resurslarini barqarorlashtiradi va yerning biologik xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA