Yashillikka aylanayotgan cho‘l
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan 10 gektar maydonni egallagan “Galofit bog‘i”da navbatdagi ekologik tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbir nafaqat hududning tabiiy imkoniyatlarini o‘rganish, balki cho‘l sharoitida barqaror ekotizim yaratish yo‘lidagi muhim amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari, o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari hamda Xitoydan tashrif buyurgan hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, hududda yetishtirilayotgan cho‘l o‘simliklarining holatini atroflicha tahlil qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur galofit bog‘ida hozirda 35 turdan ortiq sho‘r va qurg‘oqchil sharoitga moslashgan o‘simliklar parvarish qilinmoqda. O‘rganish jarayonida ularning ko‘karuvchanlik darajasi, mahalliy iqlimga moslashuvi, o‘sishi va umumiy biologik holati ilmiy asosda baholandi.

Mutaxassislarning fikricha, galofit o‘simliklar – tabiatning o‘ziga xos mo‘’jizasi bo‘lib, ular sho‘rxok tuproqlarda ham samarali o‘sish xususiyatiga ega. Ekolog olimlarning ta’kidlaganidek, bunday o‘simliklar nafaqat yerning sho‘rlanish darajasini pasaytiradi, balki tuproq strukturasini yaxshilab, keyinchalik boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zamin yaratadi.
Tadbir doirasida xalqaro hamkorlik aloqalari ham yanada mustahkamlandi. Xitoylik mutaxassislar o‘z mamlakatlarida galofit o‘simliklarni yetishtirish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular tomonidan ilgari surilgan ilmiy tavsiyalar, ayniqsa, suv tanqisligi kuchayib borayotgan hududlar uchun muhim ahamiyatga ega.

Xorijiy ekspertlarning fikricha, Qorako‘ldagi bu loyiha Markaziy Osiyoda cho‘l hududlarini barqaror rivojlantirish uchun namuna bo‘lishi mumkin. Agar ilmiy yondashuv izchil davom ettirilsa, bu yerda yuqori samarador ekotizim shakllanadi.

Alohida ta’kidlash joizki, galofit bog‘lari ekologik muvozanatni saqlashda muhim o‘rin tutadi. Ular shamol eroziyasini kamaytiradi, atmosfera havosini yaxshilaydi va bioxilma-xillikni oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bunday yashil hududlar cho‘l zonalarini o‘zlashtirish, ulardan oqilona foydalanish hamda kelajak avlodlar uchun barqaror muhit yaratishda samarali vositadir.
Tumanidagi “Galofit bog‘i” nafaqat ilmiy tadqiqot maydoni, balki ekologik muammolarga amaliy yechim topilayotgan innovatsion platformaga aylanmoqda. Bu yerda olib borilayotgan ishlar kelgusida butun mintaqada cho‘llanishga qarshi kurashish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish borasida muhim natijalar berishini kutish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.