Madaniyat va san’at xodimlariga bayram tuhfasi
Madaniyat va san’at sohasi xodimlari kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram hamda yangi bino foydalanishga topshirilishi munosabati bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda madaniyat va san’at sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida tizimga oid qator farmon va qarorlar qabul qilinib, sohani yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ana shunday ezgu tadbirlar qatorida barcha qulayliklarga ega yangi binoning foydalanishga topshirilishi madaniyat va san’at sohasi xodimlari kuni bayramida ularga katta tuhfa bo‘ldi.
[gallery-28771]
Tadbirda soha faxriylaridan O‘zbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Najimatdin Ansatbayev, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Biybiraba O‘tepbergenova so‘zga chiqib, madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so‘ng ramziy lenta kesilib, ishtirokchilar yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.