“Yashil makon” umummilliy loyihasi bu bir yillik tashabbus emas
Mamlakatimizda keng quloch yoygan “Yashil makon” umummilliy loyihasida OKMK tarkibiy bo‘linmalari, xususan, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi mehnat jamoasi ham yuqori faollik ko‘rsatmoqda. Boshqarma ishchi-xodimlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shyapti.
Xususan, hozirgacha mehnat jamoasi tomonidan 12,5 gektarlik yer maydoniga jami 57 ming 479 tup terak nihollari ekilib, ularga mehr bilan ishlov berilmoqda. Shuningdek, kelgusida yashil maydonlarni yanada kengaytirish maqsadida 125 ming 730 dona terak qalamchalari ham parvarishlanmoqda.

Bundan tashqari, boshqarma tomonidan hududning ekologik barqarorligini ta’minlovchi “Yashil belbog‘” tashkil etish vazifasi ham muvaffaqiyatli bajarildi. Sanoat hududining 1,2 gektar maydonida barpo etilgan ushbu yashil hududda 600 tupdan ziyod manzarali daraxt nihollari rivojlanib, atrof-muhit musaffoligiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Texnologik transport boshqarmasiga biriktirilgan 15 gektar yer maydonida 107 ming dona terak nihollari va 40 mingdan ziyod qalamchalarini parvarish qilmoqda. Sanoat hududlariga gul hamda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilyapti.

– Umummilliy loyiha doirasida TTB hududini obodonlashtirish uchun 1 ming 500 dona viola, 1 ming 300 ga yaqin shafran, Qo‘qon gul, 2 ming 300 dan ziyod rayhon hamda 310 dona nastarin gullari ekildi, – deydi TTB kapital-qurilish va umumiy masalalar bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Faxriddin Xamzayev. – Tarkibiy bo‘linma mehnat jamoasi sanoat maydoni atrofida “yashil belbog‘lar” hosil qilmoqda. Yerga qadalgan har bir nihol ertaga havo musaffoligi va chang darajasini kamaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, mevali daraxtlarning parvarishlanishi kelajakda nafaqat tabiatga foyda, balki jamoa uchun qut-baraka manbai hamdir. Bu kabi tizimli chora tadbirlar o‘z o‘rnida “Yashil makon” loyihasining uzoq muddatli hayotiy zaruratga aylanganini ko‘rsatadi.

Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasiga qarashli 3-sonli temir yo‘l sexi issiqxonasida ajoyib hodisa yuz berdi – ekzotik feyxoa o‘simligi ilk bor gulladi.
2026-yilning mart oyi oxiri va aprel boshlarida qiyg‘os gulga kirgan ushbu o‘simlikning hosili oktabr oyida pishib yetilishi kutilmoqda. Issiqxona mas’uli Yashin Normatovning ta’kidlashicha, feyxoa nafaqat o‘ziga xos ta’mi, balki inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan darmondorilar va shifobaxsh xususiyatlari, ayniqsa, yod moddasiga boyligi bilan ajralib turadi.

Bugungi kunda mutaxassislar oldida katta maqsad turibdi. Ya’ni bu o‘simlikni mahalliy iqlimga to‘liq moslashtirish va uni yurtimizda ommalashtirishdir. Hozirda ushbu yo‘nalishda faol ilmiy va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Umuman olganda, bu kabi ezgu sa’y-harakatlar nafaqat sanoat hududlarining qiyofasini o‘zgartirishga, balki kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA