Yashil kelajakni yaratishda yoshlar tashabbusi qo‘llab-quvvatlanadi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzuida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda global ekologik muammolar tobora kuchayib borayotgan bir paytda yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda mas’uliyat hissini shakllantirish muhim vazifa ekani ta’kidlandi. Ekologik diplomatiya bugungi kunda davlatlararo hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylangani qayd etildi.
Shuningdek, mamlakatimizda ekologik siyosatni rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Bir qator muhim va dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
[gallery-28490]
Tadbir yakunida talabalar va mutaxassislar o‘rtasida savol-javoblar tashkil etildi. Ishtirokchilar ekologik muammolarni hal etish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik harakatlarini rivojlantirish hamda innovatsion “yashil” loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, universitet miqyosida chiqindilarni saralash tizimini joriy etish, ekologik aksiyalarni kengaytirish va media loyihalar orqali ekologik targ‘ibotni kuchaytirish takliflari qo‘llab-quvvatlandi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tadbir ekologik diplomatiya, barqaror rivojlanish va yoshlar tashabbuslari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yana bir bor namoyon etdi. Ochiq muloqot yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish, ularni global va mahalliy ekologik muammolar yechimiga faol jalb etish, shuningdek, turli tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
Farod Abdurasulov (surat),
O‘zA