“Yashil” iqtisodiyot sari: “O‘zbekgidroenergo” xalqaro sheriklikni kengaytirmoqda
Bugungi kunda O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda. Bu jarayonda investitsiyalarni jalb etish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va strategik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi esa mazkur maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan muhim muloqot va hamkorlik platformasiga aylandi.
Forum doirasida energetika sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati maxsus ko‘rgazma maydonida ishtirok etib, o‘zining investitsiya salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalari hamda istiqboldagi rivojlanish rejalarini xalqaro hamjamiyat vakillariga taqdim etdi.
Jamiyat axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zA muxbiriga bergan intervyusida quyidagilarni ta’kidladi:
– Beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ energetika tarmog‘i uchun tashkil etilgan maxsus ekspozitsiya maydonida ishtirok etmoqda. Bu yerda jamiyatning bugungi faoliyati, amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, gidroenergetika sohasidagi islohotlar hamda kelgusidagi rivojlanish dasturlari keng namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma ishtirokchilari, xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlari vakillari jamiyatning investitsiyaviy imkoniyatlari, istiqbolli tashabbuslari hamda gidroenergetika sohasini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Biz uchun mazkur forum nafaqat o‘z imkoniyatlarimizni taqdim etish, balki aniq hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun ham muhim platforma hisoblanadi. Bu orqali yangi investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro sheriklikni kengaytirish va mamlakatimizning yashil iqtisodiyot maqsadlariga erishish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, forum doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati hamda Yaponiyaning yetakchi moliyaviy institutlaridan biri – !Mitsubishi UFJ Financial Group” (MUFG Bank) delegatsiyasi o‘rtasida strategik uchrashuv tashkil etildi.
Muzokaralar davomida gidroenergetika sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda jamiyatning strategik rivojlanish dasturlari doirasida barqaror va uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda MUFG Bankning davlat va xususiy sektor ishtirokidagi yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro tajribasi alohida e’tirof etildi. Shuningdek, bankning eksport-kredit agentliklari bilan hamkorlik imkoniyatlari, xalqaro moliya bozorlaridagi mustahkam o‘rni hamda turli moliyaviy instrumentlar orqali energetika loyihalarini qo‘llab-quvvatlash salohiyati yuqori baholandi.
“MUFG Bank” vakillari “O‘zbekgidroenergo” tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli investitsiya dasturlariga qiziqish bildirib, xalqaro moliyalashtirish va kapital bozorlari bo‘yicha o‘z tajribasiga tayangan holda istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, muzokaralar jarayonida bank tomonidan taklif etilgan indikativ moliyalashtirish shartlarini loyihalarning texnik-iqtisodiy xususiyatlari hamda strategik vazifalariga moslashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida hamkorlikni yanada kengaytirish, gidroenergetika sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar va amaliy muloqotlar “O‘zbekgidroenergo” AJning xalqaro investitsiya maydonidagi ishtirokini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Gidroenergetika sohasida zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish, xalqaro sheriklar bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va strategik loyihalarni izchil amalga oshirish mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.