O‘zbekiston chegaralarida yuklar oqimi 3,5 barobarga oshdi
Toshkent viloyatidagi «Yallama» chegara bojxona posti bugun nafaqat mamlakatning tashqi savdo darvozalaridan biri, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan transport-logistika va bojxona sohasidagi islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etayotgan muhim nuqtalardan biriga aylandi.
Bojxona qo‘mitasi va Transport vazirligi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mazkur chegara postiga tutash hududda joylashgan zamonaviy bojxona terminaliga press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida jurnalistlarga tashqi savdo yuklarining davlat chegarasi orqali tezkor va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, tashuvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, raqamli texnologiyalar asosida joriy etilgan yangi xizmatlar hamda xalqaro yuk tashuvlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lum qilinishicha, keyingi yillarda mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining o‘sishi chegara-bojxona postlari orqali harakatlanayotgan transport vositalari sonining keskin ortishiga ham xizmat qildi. Agar 2017-yilda respublika chegara-bojxona postlari orqali harakatlangan yuk avtotransport vositalari soni 310 mingtaga ham yetmagan bo‘lsa, 2026-yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 1 million 100 mingtadan oshib ketdi. Bu esa tashqi iqtisodiy aloqalar kengayib, mamlakatning mintaqaviy logistika markaziga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Xususan, Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan «Yallama» chegara bojxona posti orqali joriy yil boshidan buyon qariyb 200 mingta yuk avtotransport vositasi harakatlangan. Boshqacha aytganda, bu yerda har kuni o‘rtacha 1000 tagacha yuk avtomashinasi bojxona nazoratidan o‘tmoqda. Bu ko‘rsatkich postning mamlakat tashqi savdosidagi strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xalqaro yuk tashuvlarining 34,5 foizi avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi besh yilda mazkur yo‘nalishda tashilgan yuklar hajmi 2,2 barobarga oshgani esa avtomobil transportining iqtisodiyotdagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Sohada xususiy sektorning ishtiroki ham sezilarli darajada kengaymoqda. Agar avval xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi avtokorxonalar soni 1,5 mingta atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni qariyb 2,5 mingtaga yetdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda foydalanilayotgan yuk avtotransport vositalari soni 14 mingtadan 29 mingtaga oshdi.
Press-tur davomida qayd etilganidek, tadbirkorlar va milliy tashuvchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar asosida Bojxona qo‘mitasi hamda Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qator tashabbuslar davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, 2026-yil 7-iyulda qabul qilingan qarorga muvofiq, 2028-yilga qadar ishlab chiqarilganiga besh yildan oshmagan yuk tashishga mo‘ljallangan avtotransport vositalari bojxona boji hamda utilizatsiya yig‘imidan ozod etildi.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur imtiyozlar milliy tashuvchilarning xarajatlarini qisqartirish, avtoparkni zamonaviy texnika bilan yangilash, eksportyorlar uchun logistika xizmatlari tannarxini pasaytirish hamda mamlakat transport-kommunikatsiya tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda bojxona sohasida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish, xavflarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish va chegaralarda transport oqimini tezlashtirishga qaratilgan islohotlar tashqi savdo ishtirokchilari uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni qisqartirishga xizmat qilmoqda.
«Yallama» chegara bojxona posti faoliyati misolida ko‘rish mumkinki, transport va logistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat tashqi savdo hajmini oshirish, balki O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yirik transport-logistika xabi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Sh. Mamaturopova, O‘zA