Yarimo‘tkazgichlar sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim tizimida ham sifat barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda xalqaro hamkorliklar muhim o‘rin tutadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomovning Malayziyaning “Mimos Holding Sdn Bhd” kompaniyasi bosh direktori Razman Bin Jaafar boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi rivojlanish sari tashlangan yana bir qadamdir.

Unda yarimo‘tkazgichlar sohasida kadrlar tayyorlashni rivojlantirishga qaratilgan “IC Design Fundamentals and Skills Development Training Program” (ICH dizayni bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish o‘quv dasturi)ni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot mobaynida tomonlar joriy yilning 30-martidan 4-apreliga qadar malayziyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bazasida nomzodlar uchun tashkil etilgan o‘quv seminarlarining borishi hamda yakuniy natijalari yuzasidan ham fikr almashdi.

Shuningdek, yarimo‘tkazgichlar sanoati uchun kasbiy va oliy ta’lim tizimida malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, yarimo‘tkazgichlar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishdi.
Sherbek Islomov
O‘zA