Yaqin Sharq taqdiri faqat Eronga bog‘liqmi? (+video)
Pokistondagi muzokaralarda Vashington o‘z maqsadlarini aniq bayon qildi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning ta’kidlashicha, Erondagi vaziyatning kelgusida qanday rivojlanishi Tehron rahbariyatiga bog‘liq. Bu haqda DW nashri xabar qildi.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushining keyingi bosqichi ham Tehron qarorlariga bog‘liq, deyilmoqda. Bu fikrni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens 13-aprel kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida bildirgan.
U bu bayonotni Pokistonga qilgan tashrifidan so‘ng aytdi. U Islomobodda Eron vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Lekin, ushbu muzokaralar sezilarli natija bermadi.
AQSH vitse-prezidenti Pokistondagi muzokaralarda AQSHning asosiy ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilanganini aytar ekan, Hurmuz bo‘g‘ozini xalqaro qatnovlar uchun ochish masalasi AQSH uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Islomoboddagi Eron vakillari bilan uchrashuv natijalari haqida gapirib, Vens shunday dedi: “Ular biz tomonga biroz yaqinlashdi, shuning uchun muammoni hal etish uchun yaxshi alomatlar bor, deyishimiz mumkin. Lekin, bu yetarli emas.”
AQSH vitse-prezidenti, shuningdek, AQSHning harbiy ustunligi borligini ta’kidlab: “Bizda ko‘p imkoniyatlar va ta’sir vositalari mavjud, Eron bunga qarshi nima qiladi, ko‘ramiz,” degan.
Vensning aytishicha, agar Eron “iqtisodiy bosim” yo‘liga o‘tsa, ya’ni bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan to‘lov olsa, AQSH qattiq chora ko‘radi. “Agarda haqiqatan shunday holat yuzaga kelsa, Eronning birorta kemasi portlardan chiqa olmaydi”, degan u.
Shuningdek, AQSH uchun muhim maqsadlardan biri Eronda yadroviy qurol yaratilishining oldini olish ekanini ma’lum qilgan.
AQSH Energetika vaziri Kris Rayt esa neft narxlari yana bir necha hafta davomida o‘sishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bu holat Hurmuz bo‘g‘ozi orqali qatnovlar tiklangunicha davom etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pq_jT6IrnzU" title="Yaqin Sharq taqdiri faqat Eronga bog`liqmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA