Yaponiyada 7,2 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi
Bugun Yaponiyaning Ivate prefekturasi Tinch okeani sohillari yaqinida mahalliy vaqt bilan soat 07:30 da kuchli yer silkinishi qayd etildi. Mamlakat Meteorologiya xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 44 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu hodisadan keyin sunami xavfi e’lon qilinmagan, biroq soha mutaxassislari aholini hafta ichida takroriy yer silkinishlari sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Yer qimirlashi ayniqsa, Aomori prefekturasining Xasikami va Xachinoxe shaharlarida juda kuchli 7 darajagacha sezilgan bo‘lib, bunday holatda odamning tik turishi qiyinlashadi hamda uy jihozlari surilib, ag‘darilib ketadi.
Mahalliy yong‘in xavfsizligi xizmati xabar berishicha, tabiiy ofat oqibatida kamida to‘rt nafar fuqaro yengil jarohat olib shifoxonaga yetkazilgan. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti hukumat hozirda ofat oqibatlarini to‘liq baholash va tegishli ma’lumotlarni to‘plash ishlarini izchil davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Venesuela poytaxti yaqinida ham 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita dahshatli zilzila sodir bo‘lgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA