Yangiqo‘rg‘onda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Yoshlar kuni munosabati bilan Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan tadbirlar doirasida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlardan foydalanish, bandlikni ta’minlash, oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlari hamda kadastr hujjatlariga oid masalalar yuzasidan o‘z murojaat va takliflarini bildirdi.
Viloyat hokimi yoshlarning murojaatlarini tinglab, ularni qonuniy asosda hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
[gallery-29858]
Tadbir doirasida startap va innovatsion loyihalar taqdimoti ham tashkil etildi. Yoshlarning tashabbuskorligi, zamonaviy g‘oyalari va innovatsion ishlanmalari yuqori baholandi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi kriminogen vaziyati nisbatan murakkab bo‘lgan Obod, Salmon va Beshbuloq mahallalarida bo‘lib, mahalla yettiligi a’zolari va faollar bilan uchrashdi. Muloqotlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, yoshlar bilan manzilli ishlash hamda mahallalarda tinch va barqaror muhitni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida hunarmand Asadullo Abdurahmonov faoliyati bilan ham tanishilib, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, yoshlarni kasb-hunarga jalb etish va ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlarga ijobiy baho berildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA