Mudofaa ishlari bo‘limi zamonaviy binoda
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy armiyani har tomonlama rivojlantirish, mudofaa tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va soha xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda.
Buxoro tumani Mudofaa ishlari bo‘limining mukammal ta’mirdan chiqarilgan yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida binoning ichki va tashqi qiyofasi butunlay yangilanib, zamonaviy arxitektura va muhandislik talablariga mos holatga keltirildi. Xizmat xonalari keng, yorug‘ va barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Elektr ta’minoti, isitish va sovitish tizimlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq yangilanib, xodimlar hamda murojaat qiluvchi fuqarolar uchun barcha qulaylik yaratildi.
Ushbu loyiha nafaqat binoga yangi qiyofa baxsh etdi, balki davlat muassasasining moddiy-texnik imkoniyatlarini sezilarli darajada mustahkamladi. Bu esa xizmat vazifalarini yanada samarali tashkil etish, chaqiruv yoshidagi yoshlar va ularning ota-onalariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qurilish-ta’mirlash ishlari “Sardor Bunyodkor Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sifatli bajarildi. Loyihani amalga oshirish uchun davlat byudjetidan qariyb 2 milliard 300 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu mablag‘ mamlakatimizda mudofaa sohasini zamonaviylashtirish va uning infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilayotgan doimiy e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Binoning ochilish marosimida ishtirok etgan mas’ullar yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, bajarilgan ishlar sifatiga yuqori baho berdilar. Ta’kidlanganidek, yangi ma’muriy binoda xizmat faoliyatini samarali tashkil etish uchun barcha zarur imkoniyat yaratilgan bo‘lib, bu xodimlarning mehnat unumdorligini oshirish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirish va fuqarolar murojaatlarini tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri