Yangihayot tumanida islohotlar samarasi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi Yangihayot tumani hokimligida 2025-yil yakunlari hamda joriy yilning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi va mutasaddi rahbarlar ommaviy axborot vositalari vakillariga amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar xususida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yilda tuman poytaxtning jadal rivojlanayotgan hududlaridan biriga aylandi. Aholi soni 160,4 ming nafardan 205,4 ming nafarga yetdi. O‘sishning asosiy qismi migratsiya hisobiga to‘g‘ri kelgani hudud jozibadorligini ko‘rsatadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarish hajmi 13,6 trillion so‘mni, xizmatlar sohasi 6,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Qurilish sur’atlari oshdi, yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.
Band aholi soni 42,9 ming nafarga yetdi. Kambag‘allik darajasi 10,6 foizdan 2,1 foizgacha qisqartirildi. 2025-yil davomida 1 ming 757 ta oila kambag‘allikdan chiqarildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 1 ming 65 ta oila reyestrdan chiqarildi.
[gallery-27865]
Tumanda 89 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda, qamrov darajasi 76,1 foizga yetgan. 20 ta umumta’lim maktabida 27 ming 588 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. “Hokim kubogi” va “Hokim stipendiyasi” tanlovlari o‘tkazilib, “Besh tashabbus” platformasi orqali yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash tizimida 3 ta birlamchi tibbiyot hamda 6 ta ixtisoslashgan profilaktika muassasasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. 2025-yilda 2 ming 240 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Ehtiyojmandlarga 138 turdagi dori vositalari bepul tarqatilgan.
Infratuzilma sohasida elektr va issiqlik tarmoqlari yangilandi, ichki yo‘llar ta’mirlandi, yangi sayilgoh va sport maydonlari barpo etildi. Investitsiya hajmi 6,9 trillion so‘mni, eksport 223 million dollarni tashkil etdi.
2026-yilda sanoat, xizmatlar va qurilish hajmini oshirish, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Yangi maktab va bog‘chalar qurilishi rejalashtirilgan.
Yangihayot tumanida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hududning poytaxt taraqqiyotidagi strategik ahamiyatini yanada mustahkamlamoqda.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA