“Yangi texnologiyalar” AJ mutaxassislari Germaniyaning ilg‘or tajribasini o‘rganmoqda
Bugungi kunda soliq ma’muriyatchiligida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish sohani yanada samarali tashkil etishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ilg‘or davlatlar tajribasini o‘rganish va zamonaviy texnologik yechimlarni amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Soliq qo‘mitasining “Yangi texnologiyalar” AJ mutaxassislaridan iborat guruh Germaniyaning Berlin shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida mutaxassislar dasturlash va raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi ilg‘or kompaniyalar tajribasi bilan tanishmoqda. Xususan, sun’iy intellekt yechimlaridan foydalanish, zamonaviy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, ma’lumotlar bilan ishlash va axborot tizimlari samaradorligini oshirish masalalari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, o‘rganilgan ilg‘or tajribalarni milliy soliq tizimiga tatbiq etish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish va soliq ma’muriyatchiligini yanada raqamlashtirish bo‘yicha amaliy yondashuvlar muhokama qilinmoqda.
Tashrif yakunida olingan bilim va tajribalarni amaliyotga joriy etish orqali soliq sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnologik yechimlarni keng tatbiq etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA