Yangi O‘zbekistonning fidoyi bunyodkorlari
Yangi O‘zbekistonni kim barpo etadi? Albatta, qalbi ezgu va beg‘ubor orzularga to‘la, g‘ayratu shijoatli, qat’iy azmu shijoatli yoshlar bunyod etadi. Poytaxtimizda Prezident sovrini uchun mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi g‘oliblarini tabriklashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir kasbiy mahorat, fidokorona mehnat, bilimdonlik bayrami sifatida baland ruhda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi g‘oliblariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, Vatanimizning bugungi shiddatli taraqqiyoti, hayotimizga kirib kelayotgan raqamli iqtisodiyot, zamonaviy korxonalar o‘z ishining ustasi bo‘lgan, raqobatbardosh kasb egalarini tayyorlash va rag‘batlantirishni talab etmoqda.
Ana shu o‘tkir zaruratni hisobga olib hamda azaldan ilm va hunar egalarini e’zozlab keladigan xalqimizning ezgu an’analarini rivojlantirish maqsadida mazkur milliy tanlov tashkil etildi. Kasb-hunar sirlarini chuqur egallagan, puxta bilim va yuqori ko‘nikmaga ega, o‘z sohasida yangilik yarata oladigan sizlar kabi navqiron yoshlarimizning bugungi erishgan natijalari bu tashabbusning naqadar to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, yoshlar, talabalar hamda band bo‘lmagan aholi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining Respublika bosqichi yuksak saviyada, baland ruhda o‘tkazildi. Ushbu tanlov mamlakatimizda o‘z kasbining mahoratli, fidoyi va jonkuyar egalari doim qadr va izzatda ekanini yana bir karra namoyish etdi.
Mazkur tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, faol yoshlar taklif etildi.
Tanlov nizomiga muvofiq, har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha 2 nafardan birinchi, 4 nafardan ikkinchi va 6 nafardan uchinchi o‘rin sohiblari aniqlandi. Natijada jami 120 nafar ishtirokchi tanlovning g‘olib va sovrindori deb e’tirof etildi.
[gallery-30795]
Nomzodlar dastlab “mahalla yettiligi” tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkazildi. Mazkur bosqichda 124 371 nafar yosh ishtirok etdi. Yuqori kasbiy mahoratga ega bo‘lgan 3490 nafar ishtirokchi tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning viloyat bosqichida jami 6733 nafar yosh, jumladan, 1-bosqich g‘olibi bo‘lgan 3490 nafar hamda 3243 nafar texnikum o‘quvchisi ishtirok etdi. Baholash natijalariga ko‘ra, 610 nafar iqtidorli yosh tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Yakuniy respublika bosqich Samarqand viloyatida 4, Buxoro viloyatida 2, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 hamda Toshkent shahrida 3 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazildi.
Medallar taqsimotiga ko‘ra, eng yuqori natijalar Samarqand viloyati vakillari tomonidan qayd etilib, ular 25 ta medalni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarda Sirdaryo va Buxoro viloyatlari 13 tadan, Toshkent shahri 12 ta hamda Namangan viloyati 11 ta medal bilan qayd etildi.
Mazkur loyiha “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida yoshlarning kasbiy mahoratini qo‘llab-quvvatlash, ularni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga keng jalb etish, shuningdek, zamonaviy kasblarning nufuzini oshirish maqsadida o‘tkazildi.
G‘olib va sovrindorlar texnikum o‘quvchilari, mahallalardan ishtirok etgan bandligi ta’minlanmagan yoshlarni tashkil etgani diqqatga sazovordir. Musobaqa jarayoni xalqaro va mahalliy darajadagi 3474 nafar ekspert tomonidan adolat mezonlari asosida baholab borildi.
Tanlov 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tashkil etildi. Jumladan, elektromontaj, payvandlash texnologiyasi, santexnika, tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik, quruq qurilish va suvoq ishlari, sartaroshlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, moda texnologiyalari, oshpazlik hamda kompyuter grafikasi yo‘nalishlari bo‘yicha ishtirokchilar o‘z bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi.
Umuman olganda, tanlovning tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod yoshlar o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etdi. Tanlov ko‘plab maktab bitiruvchilari hayotida yangi sahifa ochib, 22 ming nafar yigit-qiz uchun ishlash, ta’lim olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini yaratdi. Yakunlarga ko‘ra, o‘nta kasb yo‘nalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topildi.
Tanlov yo‘nalishlarining aynan ushbu sohalardan shakllantirilgani bejiz emas. Bugungi kunda qurilish, servis, texnologiya va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida malakali mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, loyiha iqtisodiyotning real sektorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, amaliy kasblarga qiziqishni kuchaytirish orqali yoshlar o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish va ularni mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi tegishli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 152-son qarori asosida tizimli ravishda tashkil etildi. Mazkur huquqiy asos tanlovni doimiy va institutsional mexanizm sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Tanlov nafaqat individual mahoratni namoyon etish maydoni, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida faol ishtirok etadigan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirish vositasi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Mazkur tanlov xalqimiz farovonligi, mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi kasblar doim e’zoz va e’tiborda ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (suratlar), O‘zA muxbirlari