Andijonda davlat aktivlarini xususiylashtirish imkoniyatlari taqdim etildi
Andijon shahrida tadbirkorlar va investorlar ishtirokida xususiylashtirishga taklif etilayotgan davlat aktivlariga bag‘ishlangan “Road show” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyatda xususiylashtirilishi belgilangan davlat ulushlari, bo‘sh turgan ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan yer uchastkalari haqida ma’lumot berildi.
Taqdimotda davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash, tadbirkorlar va investorlarni mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish, hududga investitsiyalar jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olish tartibi, bu borada tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar hamda xususiylashtirish jarayonlarida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, 2025-yilda viloyatda 99 ta davlat aktivi 732 milliard so‘mga sotilgan. Shuningdek, 1 ming 843 ta yer uchastkasi elektron onlayn auksion orqali realizatsiya qilinib, byudjetga 110 milliard so‘m tushum ta’minlangan.
[gallery-32075]
Joriy yilda ham viloyatda davlat aktivlarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’ektlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish va ular negizida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbuslar davlat mulkidan samarali foydalanish, xususiy sektor faoliyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA