YeI va BMT O‘zbekistonda ayollar imkoniyatini kengaytirish dasturini yo‘lga qo‘ydi
Toshkentda 27-aprel kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati hamkorligida ayollar iqtisodiy imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan yangi qo‘shma dastur ishga tushirildi. Mazkur tashabbus UNFPA, UN Women va UNICEF ishtirokida amalga oshiriladi.
2026-2028-yillarga mo‘ljallangan, inson kapitaliga sarmoya kiritish, reproduktiv salomatlikni qo‘llab-quvvatlash va demografik barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan ushbu dastur orqali xotin-qizlarning oilani sifatli rejalashtirish xizmati, ta’lim, munosib mehnat va tadbirkorlik imkoniyatidan foydalanish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Hujjatda gender tenglik, bandlik va inklyuziv iqtisodiy o‘sish masalalariga alohida urg‘u berilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ta’kidlashicha, dastur ayollarning iqtisodiy faolligini kuchaytirish, oilalarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-29018]
Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Toyvo Klaar esa xotin-qizlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash nafaqat tenglik, balki barqaror o‘sishning ham muhim sharti ekaniga urg‘u berdi.
BMT tuzilmalari vakillari ham loyihaning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Xususan, Nigina Abboszoda ayollarning sog‘liq, huquq va tanlov imkoniyati bilan bog‘liq qaror qabul qilishda faol ishtirok etishi muhimligini yoqladi. Regina Kastilo tashabbusni milliy ustuvor yo‘nalishlar va global yondashuvga mos, deb baholadi. Jeren Guven Gyures esa yoshlar, ayniqsa qishloqlardagi va ehtiyojmand guruhlar uchun imkoniyat kengayishini olqishladi.
Daroveq, endi kasbiy va raqamli ko‘nikmani rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda xususiy sektorda ishlash orqali ayollarning daromad manbalariga kirish imkoniyati ham oshadi.
Tabiiyki, tashkilotchilar umumiy sa’y-harakatlardan kutilayotgan natijani raqamlarda ko‘rsatish harakat qilgan: 1000 oila qo‘llab-quvvatlanadi, 3 000 juftlikka maslahat xizmati ko‘rsatiladi, 700 o‘smir qiz, jumladan nogironlar qo‘shimcha ta’lim oladi va band qilinadi, 5 000 xotin-qiz kasbiy va raqamli ta’lim oladi, 70 xususiy korxonada genderga sezgir boshqaruv tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari 400 mutaxassis va fuqaro gender tenglik va oilani rejalashtirish bo‘yicha bilimini oshiradi. Qolaversa, 50 nafar OAV vakili, 180 diniy yetakchi va 40 fuqarolik jamiyati vakili ayni yo‘nalishga faol jalb qilinishi belgilangan. Natijada jami 1,5 million aholi reproduktiv salomatlik bo‘yicha axborot va xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA