Yangi O‘zbekiston yoshlari: yaratilgan imkoniyatlardan xalqaro yutuqlargacha
Yangi O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi va xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning oliy ta’lim bilan qamrovini kengaytirish, ilmiy va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
So‘nggi yillarda yoshlar va xotin-qizlarning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, magistratura va doktoranturada tahsil olishi, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Davlat grantlari, ta’lim kreditlari, stipendiya dasturlari hamda xalqaro ta’lim loyihalari minglab yoshlarning o‘z maqsadlari sari dadil qadam tashlashiga xizmat qilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror va farmonlari asosida magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat byudjeti hisobidan qoplash tizimi joriy etildi. Mazkur amaliyot ko‘plab iqtidorli qizlarning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi va yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘lmoqda.
Bugungi kunda ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, xalqaro maydonda muvaffaqiyat qozonayotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Bunga xalqaro huquq sohasida faoliyat yuritayotgan Farangiz Razaqovaning ta’lim va mehnat faoliyati yaqqol misol bo‘la oladi.
Farangiz Razaqova 2018-yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirib, huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini muvaffaqiyatli tamomladi. Talabalik davrida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanib, xalqaro huquq masalalariga oid tadqiqotlarda faol ishtirok etdi. O‘qishdagi yuqori natijalari tufayli universitetning eng faol va ilg‘or talabalari qatoridan joy oldi hamda “Top-50 Student” ro‘yxatiga kiritildi.
2022-yilda u Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichiga qabul qilindi. Aynan shu davrda davlat tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar uning ilmiy faoliyatini davom ettirishida muhim ahamiyat kasb etdi. Prezidentning PF–87-son Farmoniga muvofiq, magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash mexanizmi nafaqat Farangiz Razaqovaning, balki minglab o‘zbekistonlik qizlarning ilm-fan yo‘lida dadil odimlashiga, o‘z ustida ishlashi va xalqaro miqyosda ta’lim imkoniyatlaridan foydalanishiga keng yo‘l ochdi.
Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarning yana bir muhim yo‘nalishi – iqtidorli yoshlarni dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishga qaratilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatidir. Ushbu dastur orqali yuzlab yoshlar yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirmoqda.
F. Razaqova ham 2023-yilda ushbu jamg‘arma stipendiyasi g‘olibi bo‘ldi. Yuqori raqobat asosida o‘tkaziladigan tanlovda uning akademik natijalari, ilmiy faoliyati, xorijiy tillarni bilish darajasi va kasbiy salohiyati munosib baholandi. Natijada u Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli “Penn State Law” maktabida Master of Laws (LL.M.) dasturida tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ta’lim jarayonida xalqaro huquq, qiyosiy huquq, migratsiya huquqi va inson huquqlari yo‘nalishlarida chuqur bilim va amaliy tajriba orttirdi.
Xalqaro ta’lim tizimida o‘qish davomida u “International, Foreign and Comparative Law”, “Immigration and Migration” hamda “Public Interest Law” yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashuvlarni muvaffaqiyatli tamomladi. Bu esa O‘zbekistonda shakllangan huquqiy ta’lim tizimi hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
Farangiz Razaqova xalqaro migratsiya huquqi, qochqinlar huquqlari va xalqaro tijorat arbitraji masalalariga bag‘ishlangan qator ilmiy maqolalar muallifi hamdir. Uning tadqiqotlari xalqaro huquqning dolzarb yo‘nalishlarini qamrab olishi bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda u AQSHda tashkil etilgan “Femida LLC” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib, xalqaro huquq, qiyosiy huquq hamda migratsiya huquqi yo‘nalishlarida professional xizmatlar ko‘rsatmoqda.
Bunday yutuqlar zamirida, eng avvalo, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijalari mujassam. Zero, so‘nggi yillarda yaratilgan ta’lim imkoniyatlari, grant va stipendiyalar, ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish mexanizmlari hamda xalqaro ta’lim dasturlari yangi avlod mutaxassislarining shakllanishida muhim omil bo‘lmoqda. Eng muhimi, bu imkoniyatlar yoshlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi va xalqaro maydonda O‘zbekiston nufuzini yanada yuksaltirishiga xizmat qilmoqda.
O‘zA