Sud tizimida komplayens nazorati: adolat va ishonchni mustahkamlaydigan muhim qadam
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sud tizimida halollik muhitini qaror toptirish va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash davlat siyosatining muhim vazifasiga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan farmoni aynan shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur hujjatga muvofiq, Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Xalqaro tajribada o‘z samarasini ko‘rsatgan mazkur institut sud apparati xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy xavflarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, qonunchilik va kasb etikasi talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Farmonning yana bir muhim jihati sud apparati xodimlari hamda ularning oila a’zolapiga tegishli daromad va mol-mulkni deklaratsiya qilish tizimining joriy etilayotganidir. Jahon amaliyotida davlat xizmatchilari daromadlarining ochiqligi korrupsiyaning oldini olishda eng samarali mexanizmlardan biri sifatida baholanadi. Bu orqali manfaatlar to‘qnashuvi va noqonuniy boyish holatlarini erta bosqichda aniqlash imkoniyati kengayadi.
Shuningdek, sud tizimiga ishga qabul qilish jarayonlarining ochiq tanlov va meritokratiya tamoyillari asosida tashkil etilishi ham katta ahamiyatga ega. Bu esa kadrlarni tanlashda bilim, malaka va halollik mezonlarining ustuvorligini ta’minlab, sohada professional va mas’uliyatli kadrlar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.
Farmonda korrupsiya va boshqa qonun buzilishi holatlari haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish mexanizmlarining kuchaytirilayotgani ham e’tiborga molik. Chunki korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning ishtiroki va faol fuqarolik pozitsiyasini talab etadi.
Eng muhimi, mazkur yangiliklar sud hokimiyatining mustaqilligi, xolisligi va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Sudlarga bo‘lgan ishonch qanchalik yuqori bo‘lsa, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillari shunchalik mustahkam qaror topadi.
Sud tizimida komplayens nazorati institutining joriy etilishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi bosqichi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, qonuniylik va adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Firuza Muhittidonova,
Mirobod tumani Kengashi deputati,
yuridik fanlar doktori, professor