Harbiy xizmatchilarning amaliy tayyorgarligi sinovdan o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda o‘tkazilgan ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar harbiy tayyorgarlik tizimi mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etdi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ullari hamda okrug bosh serjantlari ishtirok etib, harbiy xizmatchilar tayyorgarligining amaliy holatini baholash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Mashg‘ulotlar davomida askarlar bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladi. Jumladan, taktik tibbiy tayyorgarlik mashqlarida jang maydonida tezkor va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish usullari amalda sinovdan o‘tkazildi.
Aloqa tayyorgarligi bo‘yicha mashg‘ulotlarda zamonaviy texnologiyalar asosida uzluksiz va ishonchli axborot almashinuvini ta’minlash ko‘nikmalari oshirildi.
Otish tayyorgarligi jarayonida harbiy xizmatchilarning aniqlik va tezkorlik bo‘yicha mahorati sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, taktik uchlik va to‘rtlik harakatlari orqali jamoaviy hamkorlik, o‘zaro ishonch va muvofiqlashtirilgan harakatlarning ahamiyati amalda namoyon etildi.
[gallery-28969]
Zamonaviy harbiy harakatlarning muhim qismiga aylangan uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘yicha o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar ham ishtirokchilarning texnologik ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida tashkil etilgan davra suhbatida harbiy xizmatchilarning xizmat sharoiti, tartib-intizomi, moddiy-texnik ta’minoti hamda xizmat samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida harbiy xizmatchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, xizmat samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA