“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ga start berildi
Bugun, 6-aprel kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevral kuni “Yoshlar bilan muloqoti”da berilgan topshiriqqa muvofiq olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalari yo‘lga qo‘yilayotgani yurtimizda ommaviy sport rivoji qatorida professional sportchi talabalarni saralash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
[gallery-28574]
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikromov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sport federatsiyalari vakillari hamda hududiy studiyalardan viloyatlarda joylashgan oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari, talabalar va keng sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgan musobaqalar mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida, talaba-yoshlarning kundalik turmush tarzida, oliy ta’lim muassasalari faoliyatida o‘ziga xos o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Nizomga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalari uch bosqichda bo‘lib o‘tadi. Kompleks musobaqalarning birinchi bosqichi 6-20-aprel kunlari oliy ta’lim muassasasida kafedra va fakultetlararo, ikkinchi bosqich 1-15-may kunlari hududiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida va yakuniy final bosqichi poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da 1-10-iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Musobaqalar 7 ta sport turi: basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol bo‘yicha yurtimizdagi barcha davlat, xususiy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan.
Tantanali tadbirda so‘z olganlar yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ularning jismoniy va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgani, bugungi kunga qadar mamlakatimizning 168 ta oliy ta’lim muassasasidan 160 ming nafarga yaqin talaba-yoshlar ushbu musobaqalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tganini qayd etdi.
Buni yoshlar o‘rtasida sport mashg‘ulotlariga, musobaqalarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat, deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(foto),
O‘zA