Yangi O‘zbekiston strategiyasi: xavfsiz turar joydan barqaror taraqqiyot sari
Munosabat
XXI asr – global transformatsiyalar, yuksak texnologiyalar hamda misli ko‘rilmagan demografik va ekologik sinovlar davri sifatida insoniyat tarixidan mustahkam joy olmoqda. Bugun jahon hamjamiyati oldida turgan eng ulkan va dolzarb savollardan biri oddiy, ammo hayotiydir: biz ertaga qanday shaharlarda yashaymiz, uyimiz, mahallamiz va kelajak avlodlarimiz ulg‘ayadigan muhit haqiqatan ham xavfsiz bo‘ladimi?
Mana shu hayotiy savollarga javob izlash, global muammolarning yechimlarini birgalikda topish maqsadida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida Butunjahon urbanizatsiya forumining o‘n uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli anjumanning kun tartibi, unda ishtirok etgan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish institutlari vakillari bu muammoning naqadar global ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu forumda shaxsan ishtirok etishi va unda ilgari surgan konseptual tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘ldi.
Bu galgi forumning bosh mavzusi “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” deb nomlangani bejiz emas. Bu shunchaki chiroyli shior emas, balki bugungi dunyoning eng og‘riqli, eng dolzarb nuqtasidir. Xalq vakili, qonunchi sifatida davlatimiz rahbarining Boku minbaridan turib so‘zlagan nutqi, undagi har bir raqam, har bir fakt zamirida inson taqdiri, uning qadr-qimmati va tinch yashash huquqi yotganini chuqur his qildim. Forum kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish kabi strategik masalalar o‘rin olgan.
Xalqaro ekspertlar tahlillariga ko‘ra, yigirma birinchi asr o‘rtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb yetmish foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Ammo bugungi reallik kishini qattiq xavotirga soladi. Urbanizatsiya jarayoni o‘zi bilan birga qator ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirib bormoqda. Bugun dunyoda qariyb uch milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum bo‘lib yashamoqda. Ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirayotgan bo‘lsa, uch yuz milliondan ortiq odam umuman boshpanaga ega emas. Iqlim o‘zgarishlari, tahlikali xalqaro vaziyat va iqtisodiy inqirozlar global migratsiyaning yangi to‘lqinlarini paydo qilib, davlatlar va shaharlar o‘rtasida aholining qayta taqsimlanishiga olib kelmoqda. Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda. Bularning barchasi hammamizdan qat’iy va kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni talab qilmoqda.
Shaharlarni barqaror rivojlantirish masalasi Yangi O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega. Yaqin o‘n besh yil ichida mamlakatimiz aholisi o‘ttiz sakkiz milliondan ellik million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa ellik bir foizdan oltmish besh foizga yetishi kutilmoqda. Biz buni hududlarimizni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun noyob imkoniyat deb hisoblaymiz. Shu maqsadda O‘zbekistonda oxirgi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni o‘n barobar oshib, o‘tgan yili ikki yuz o‘ttiz sakkiz mingta xonadonga yetdi. Ikki ming o‘ttizinchi yilda ushbu raqamni yana bir yarim barobar oshirishni maqsad qilganmiz.
Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb ikki milliard dollar mablag‘ ajratilmoqda. Norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun alohida qonun qabul qilinib, yuz mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi. Shuningdek, eskirgan uy-joylarni yangilash maqsadida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini o‘n besh foizdan oltmish foizga yetkazish reja qilib olindi.
Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish va tizimli izchillikni ta’minlash maqsadida mamlakatimizda Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Bundan tashqari, “Yashil makon” va “Toza havo” milliy dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030-yilgacha o‘ttiz foizga yetkazish marrasini olganmiz. Bu esa kelajak avlodlarimizning toza atrof-muhitda ulg‘ayishi uchun eng katta kafolatdir. Eng muhimi, shaharlarni obodonlashtirish va aholi turmush tarzini yaxshilashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi bo‘yicha an’anaviy tuzilma – mahalla institutiga keng tayanamiz. Mahalla tizimi orqali biz har bir xonadonga, har bir fuqaroning yuragiga kirib boryapmiz, ularning ijtimoiy ehtiyojlarini tinglayapmiz va muammolariga joyida yechim topyapmiz.
Ikki million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” megaloyihasi biz amalga oshirayotgan urbanizatsiya strategiyasining yaqqol, jonli namunasidir. Ushbu loyihada zamonaviy shaharsozlikning eng ilg‘or yechimlari yashil, aqlli, xavfsiz hamda o‘n besh daqiqali shahar tamoyillari to‘liq hisobga olingan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z nutqida urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida xalqaro hamjamiyat e’tiboriga loyiq bo‘lgan beshta muhim va tizimli tashabbusni ilgari surdi.
Birinchidan, barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirishni talab qilmoqda. Shu sababli hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda mutanosib urbanizatsiya tamoyilini keng joriy etishga chaqirdi. Ikkinchidan, shahar boshqaruvida sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan barcha davlatlar teng foydalana olishi zarur. Ushbu sohada texnologiya, standartlar va tajribalarni tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qildi. Uchinchidan, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan ta’minlash juda muhimligini inobatga olib, kelgusi yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekanimizni bildirdi.
To‘rtinchidan, global iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda “yashil shaharlar”ni barpo etishning umumiy tamoyillari va standartlarini qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shaharlarning tabiat bilan uyg‘un rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etish taklif qilindi. Beshinchidan, urbanizatsiya darajasining o‘sishi shaharlardagi o‘zini o‘zi boshqarishning an’anaviy tuzilmalari rolini yanada oshirmoqda. Shu munosabat bilan, Butunjahon urbanizatsiya forumining o‘n beshinchi sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif etdi. Bu taklif bizning milliy qadriyatimizni jahon sahnasiga olib chiqishdagi ulug‘vor qadamdir.
Xulosa qilib aytganda, mazkur forum doirasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar biz, parlament a’zolari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Belgilab berilgan maqsadlarning huquqiy asoslarini yaratish, yashil va aqlli shaharlar konsepsiyasini qonunchilik darajasida qo‘llab-quvvatlash eng birlamchi vazifamizdir.
Zero, urbanizatsiya – shunchaki tosh va betondan iborat shaharlar qurish degani emas. Urbanizatsiya – bu inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaro uchun munosib yashash sharoitini yaratish, xavfsiz va farovon kelajak poydevorini qo‘yishdir. Boku forumida jahon ahli yana bir bor guvoh bo‘ldi: Yangi O‘zbekiston – nafaqat o‘z aholisi, balki butun insoniyatning barqaror va xavfsiz kelajagi uchun dadil g‘oyalar va amaliy yechimlar taqdim eta oladigan global kuch va yetakchi davlatdir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA