Yangi O‘zbekiston sporti: islohotlar va yutuqlar
O‘zbekiston davlat sport akademiyasida jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi.
Talaba-yoshlar, akademiya xodimlari, sportchi va murabbiylar ishtirok etgan tadbir davomida mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan ulkan yutuqlar hamda bugungi taraqqiyotning muhim tamoyillari haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Ayniqsa, keyingi yillarda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, qisqa fursatda joylarda yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmalari, yoshlarni sportga jalb etish borasidagi ishlar, yo‘lga qo‘yilgan kompleks musobaqalar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishlagani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ishlab chiqilgan dastur va loyihalar, iqtidorli sportchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, sport ta’limini rivojlantirish borasidagi tizimli islohotlar yangi O‘zbekiston g‘oyasini, mamlakatimiz qudratini dunyoga yanada yorqinroq namoyon etayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston sportchilarining nufuzli xalqaro musobaqalarda, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy samarasi ekanligi qayd etildi.
Davra suhbatida talaba-yoshlarning Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash, mustaqillik bergan imkoniyatlarni qadrlash, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, sport sohasidagi islohotlar va akademiyaning kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA