Voleybol: bugun U18 yosh toifasida O‘zbekiston kubogi sohiblari aniqlanadi
Bugun, 18-avgust kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin sport turlari majmuasida voleybol bo‘yicha U18 yosh toifasi jamoalari o‘rtasida deyarli bir hafta davomida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogining g‘olib va sovrindor jamoalari nomi ma’lum bo‘ladi.
Kecha o‘tkazilgan 1/2 final o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, qiz bolalar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda Farg‘ona viloyati qizlar jamoasi Toshkent viloyati ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib finalga yo‘l oldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi qizlar jamoasi esa Namangan viloyati voleybolchi qizlarini 3:0 hisobida yengib, U18 O‘zbekiston kubogi uchun farg‘onaliklar bilan ro‘baro‘ keladigan bo‘ldi.

Yarim finalda imkoniyatni boy bergan Toshkent va Namangan viloyatlari jamoalari 3-o‘rin uchun bo‘ladigan o‘yinda to‘qnash keladi.
O‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasidagi yarim final uchrashuvlarida Farg‘ona va Andijon jamoalari muvaffaqiyat qozondi.
Farg‘onaliklar Navoiy viloyatidagi tengqurlarini 3:1, Andijon viloyati o‘g‘il bolalar jamoasi esa Qashqadaryo viloyati vakillarini 3:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
Shu tariqa bugun Farg‘ona vodiysining ikki jamoasi oltin medallar yo‘lida kurash olib borsa, Navoiy – Qashqadaryo voleybolchi yigitlari bronza medallari uchun da’vogarlik qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA