Yangi markaz — tibbiy xizmat sifatini oshirish yo‘lida muhim qadam
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati OITSga qarshi kurashish markazining yangi binosi foydalanishga topshirilib, muassasaning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi. Bu yerda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Yangi binoda zamonaviy diagnostika laboratoriyalari, qulay qabulxona va davolash xonalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun zarur ish sharoitlari yaratilgan. Bu OIV infeksiyasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovini kengaytirish, bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori vositalari bilan ta’minlash imkonini beradi.
Mazkur loyiha doirasida 1 million 250 ming AQSH dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada markazning diagnostika imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Xususan, laboratoriyaning kunlik tahlil o‘tkazish quvvati avval 2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 10 mingtaga yetkazildi.
[gallery-31123]
Endilikda markaz oldida turgan asosiy vazifalardan biri profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat. Zero, OIV infeksiyasining oldini olishda tibbiy imkoniyatlar bilan bir qatorda aholining kasallik, uning yuqish yo‘llari va oldini olish choralari haqidagi bilim va tushunchalarini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.
Shu bois markaz faoliyatida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, xavf guruhlariga kiruvchi fuqarolar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni izchil tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Rekonstruksiyadan so‘ng zamonaviy qiyofa kasb etgan markazda tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, profilaktika va erta tashxislash imkoniyatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA