Inson qadri e’tibordan boshlanadi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Jobu mahallasida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan Hasan Abilov aqliy rivojlanishidagi o‘ziga xoslik tufayli uzoq yillar davomida uyida, jamiyat e’tiboridan chetda yashab kelgan. U shu paytga qadar shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ham ega bo‘lmagan.
Ba’zan birgina e’tibor va qo‘llab-quvvatlash inson hayotida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Mahalla ijtimoiy xodimi Elmurod Ahmedov Hasan Abilovning holatini o‘rganib, u bilan bosqichma-bosqich ish olib bordi. Avvalo, fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatildi. Bu uning huquqiy maqomini tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Shundan so‘ng u tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlarga biriktirildi va zarur dori-darmonlarni olishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, unga psixologik hamda huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi.
[gallery-31068]
Hasan Abilovning kundalik ehtiyojlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Mahalla ichki imkoniyatlari va homiylik mablag‘lari hisobidan unga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi, mavsumiy moddiy yordam ko‘rsatildi.
Bugun Hasan Abilov jamiyat e’tiborida. Uning hayotidagi bu o‘zgarish inson qadri va ijtimoiy ko‘makning ahamiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA