Yangi maktab ilk o‘quvchilarini bag‘riga oldi
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanining Istiqbol mahallasida qad rostlagan yangi 93-umumta’lim maktabida ilk bor birinchi qo‘ng‘iroq sadolari jarang sochdi.
[gallery-8658]
Davlatimiz rahbari 2021 yil fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi davomida ushbu mahalla aholisi bilan muloqot qilib, hududda yangi maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish uchun mas’ullarga topshiriq bergan edi. Ushbu topshiriq qisqa fursatda bajarildi.
Mazkur ta’lim dargohi mahalladagi ko‘plab oilalar quvonchiga sabab bo‘lgani tabiiy. Boisi, mahalla yoshlari shu paytga qadar yondosh hudud maktablarida, ma’lum masofa yo‘l bosib, ikki smenada tahsil olayotgan edi.
660 o‘rinli ushbu yangi ta’lim dargohi “Mehnat-nuri” MCHJ quruvchilari tomonidan 16,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazildi. Zamon talablariga to‘la javob beradigan maktabda keng va shinam o‘quv xonalari, sport zali, 140 o‘rinli oshxona va faollar zali, shuningdek, zamonaviy laboratoriya, kompyuter xonalari, ochiq sun’iy qoplamali futbol maydonchasi o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.
Yangi maktab binosining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov va uning o‘rinbosarlari, tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat faollari, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi mamlakatimiz ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan keng islohotlar jarayonida umumta’lim maktablari uchun yangi zamonaviy binolar qurilishiga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Barchani yangi o‘quv yili bilan qutlab, ustozlar va o‘quvchilarga yangi o‘quv yilida yangi zafarlar tiladi.
Shundan so‘ng maxsus lentalar qirqildi. Yig‘ilganlar e’tiboriga tuman madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi.
O‘zA fotomuxbiri
Hotam MAMADALIEV olgan suratlar