O‘zbekiston–Germaniya dual va kasbiy ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi
Germaniya poytaxti Berlin shahrida “O‘zbekiston–Germaniya dual va kasbiy ta’lim forumi: raqobatbardosh va malakali kadrlar” mavzusidagi yirik xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi. Forum O‘zbekistonning Germaniyadagi Elchixonasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov, Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov, Tyuringiya federal yeri vaziri Katrina Shenk hamda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi vakili doktor Karolina Probst ishtirok etdi.

Tadbirda 200 dan ortiq delegatlar, jumladan, Germaniyaning eng yirik ish beruvchi kompaniyalari, Savdo-sanoat palatalari, ta’lim ekspertlari va xalqaro tashkilotlar vakillari kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish va migratsiya jarayonlarini tizimlashtirish masalalarini muhokama qildi.
Forum doirasida O‘zbekistonda dual ta’lim tizimini nemis tajribasi asosida rivojlantirish, xalqaro qo‘shma dasturlar va til o‘rgatish standartlarini (telc, ÖSD) joriy etish orqali kadrlar malakasini oshirish, O‘zbekiston yoshlarini Germaniyada qonuniy, tizimli va kafolatlangan ish bilan ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Forumning eng muhim amaliy natijasi sifatida Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan Germaniyaning yetakchi tashkilotlari bilan jami 14 ta markaziy hamkorlik hujjati imzolandi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning barcha hududlari va kasbiy mahorat texnikumlari nemis hamkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi.

Tadbir yakunida tashkil etilgan milliy qabul marosimida germaniyalik ish beruvchilar va rasmiy doira vakillari o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, milliy taomlari va boy madaniy qadriyatlari bilan yaqindan tanishdi. Bu, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki insoniy aloqalarni ham mustahkamlashga xizmat qildi.
Ushbu forum O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va mamlakatimiz yoshlari uchun Yevropa mehnat bozorida munosib o‘rin egallash imkoniyatlarini ochishda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA