Yamal Ispaniya bilan jahon chempionligini ko‘zlamoqda
«Barselona» va Ispaniya terma jamoasi vingeri Lamin Yamal matbuot anjumanida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida o‘zining ikkita katta maqsadini ma’lum qildi.
— O‘zingizni uch yildan keyin qanday holatda tasavvur qilasiz?
— Ochig‘i — bilmayman. Umid qilamanki, menda hozirgiga qaraganda ancha ko‘p sovrinlar bo‘ladi. Shu vaqt ichida jahon chempionati va Chempionlar ligasida g‘olib chiqishni istayman. Titullar olib keladigan barcha narsa meni baxtli qiladi, — dedi Yamal.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Yamal Ispaniya terma jamoasi tarkibida Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Kelayotgan yozda «qizil furiya» jahon chempionatida ishtirok etadi. Guruh bosqichida ispanlar Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalariga qarshi maydonga tushadilar.