Keyrush ketma-ket beshinchi bor murabbiy sifatida jahon chempionatida ishlaydi
Dushanba kuni 73 yoshli portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrush Gana terma jamoasining bosh murabbiyiga aylandi.
Afrika jamoasi ikki oydan so‘ng Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishi lozim.
Ma’lum bo‘lishicha, bo‘lajak jahon chempionati Keyrush uchun bosh murabbiy sifatida tashrif buyuradigan ketma-ket beshinchi mundial bo‘ladi.
Keyrushning jahon chempionatidagi ilk debyuti 2010-yilda Portugaliya terma jamoasi ustozi sifatida yuz bergan edi. Shundan so‘ng u Eron terma jamoasi bilan uch marta (2014, 2018 va 2022) mundiallarga yo‘l oldi. Biroq, u faqat bir marta — 2010-yilda JARda o‘tgan turnirda jamoasi bilan pley-off bosqichiga chiqa olgan, xolos.
JCh-2026 turnirida Gana terma jamoasi Angliya, Xorvatiya va Panama jamoalariga qarshi maydonga tushadi.