Yakunda nosoz konditsioner almashtirib beriladigan bo‘ldi
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini ta’minlash va ularni himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa fuqarolarning huquqiy ongi va iste’mol madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro tuman markazidagi savdo majmuasidan 3 million 700 ming so‘mga “TECH” rusumli konditsioner xarid qilgan. Biroq oradan bir necha kun o‘tib, u nosoz holga kelib, sovitmay qo‘ygan. Fuqaroning do‘konga murojaati e’tiborsiz qoldirilgani esa uning qonuniy huquqlari buzilganidan dalolat beradi.
Shundan so‘ng fuqaro tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislariga murojaat qildi. Masala atroflicha o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rildi va natijada nosoz konditsioner shu rusumdagi yangi, sifatli mahsulotga almashtirib berildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlarda fuqarolar o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilishdan cho‘chimasligi muhim. Chunki amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi sifatli mahsulot xarid qilish huquqiga ega bo‘lib, nuqsonli tovar sotilgan taqdirda uni almashtirish yoki mablag‘ni qaytarish sotuvchining bevosita majburiyati hisoblanadi.
Ushbu holat iste’molchilar huquqlari amalda samarali himoya qilinayotganining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi. Shu bilan birga, bunday amaliy yordamlar fuqarolarning ishonchini mustahkamlab, bozor munosabatlarida adolatli va shaffof muhitni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri