Xotira – muqaddas, qadr – abadiy (+video)
Ikkinchi jahon urushida nemis bosqinchilarini tor mor etishda O‘zbekiston fuqarolari ham tengsiz jasorat ko‘rsatib insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan.
Ular orasida 310 ming nafar farg‘onaliklar ham bor edi. Afsuski ularning 50 ming nafaridan ziyodi jang maydonlaridan qaytmadi. Insoniyat, hayot davom etar ekan, yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan jasorat, shahidlar xotirasi hech qachon yoddan chiqmaydi va hamisha ular nomi qarshisida bosh egiladi.

Bugun Farg‘onadagi “Motamsaro ona” xotira majmuasida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, jamoatchilik faollari hamda minglab yoshu keksa fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan xotira va ehtirom ramzi sifatida tantanali tartibda marosim o‘tkazildi.
Shundan so‘ng “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira maydonidagi yodgorlikka gulchambarlar qo‘yildi. Ishtirokchilar urush va mehnat frontida fidokorona xizmat qilgan ajdodlar xotirasini hurmat bilan yod etdi.

Orkestrning mungli sadolari ostida Ikkinchi jahon urushi qahramonlari nomlari zarhal harflar bilan bitilgan lavhalar qo‘yilgan maydon tomon viloyat hokimligi, idora va korxonalar, o‘quv muassasalari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ohista yo‘l oldi. Maydon markazidagi “Motamsaro ona” yodgorligi bahoriy gullar bilan bezatildi.
Tadbirlar davomida qizil atirgul va lolalar urush yillarida halok bo‘lganlar xotirasiga ehtirom ramzi sifatida qo‘yildi.
Davlat rahbarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, “Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir”.

Farg‘ona viloyatida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 81 yilligi shahar va qishloqlarda xotira tadbirlari va xalq sayllari tarzida keng nishonlanmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZpmQ_I_RH04" title="Xotira – muqaddas, qadr – abadiy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA