Janggohlardan omon qaytganlar
9-may - Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushi dahshatlari juda ko‘p mamlakatlar, xalqlarni o‘z domiga tortdi. Jumladan, o‘zbek xalqi ham ushbu urushda minglab asl o‘g‘lonlaridan ayrildi.
Sobiq sovet armiyasi saflarida fashizmga qarshi olib borilgan kurashda o‘zbek jangchilari, xususan, andijonlik jangchilar ham mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan. Ikkinchi Jahon urushida Ostanaqul Shokirov, Osman Yaqubov, Abdulaziz Yo‘ldoshev, To‘xtasin Mirzayev, G‘ulom Yoqubov, Sulgi Lutfullin singari Andijon farzandlari o‘sha davrning eng yuksak mukofoti - Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan.

Ayni kunda Andijon viloyatida uch nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hamda 200 nafarga yaqin frontorti mehnat faxriylari el-yurt ardog‘ida hayot kechirmoqda.
Ikkinchi jahon urushi janggohlaridan omon qaytgan yurtdoshlarimiz-dan biri Paxtaobod tumani, Bobur mahallasida yashayotgan Umarali Otaboyev 101 yoshni qarshi oldi. U 1942-yilning avgust oyida urushga safarbar qilingan. 1944-yilning oktabr oyida jarohat olib gospitalga davolanadi va yana frontga ketadi. 1945-yilning fevralida janglarning birida jarohat oladi va yana davolanishga yotadi. U g‘alabani shifoxonada nishonlaydi.

Ikkinchi jahon urushining olovli janggohlaridan omon qaytgan yurtdoshlarimizdan yana biri Buloqboshi tumani, Uchtepa mahallasida yashayotgan Abdug‘ani G‘opporov o‘n yetti yoshida urushga safarbar qilingan. Urush boshlangan 1941-yildan to G‘alabaga qadar turli frontlarda bosqinchilarga qarshi ayovsiz janglarda ishtirok etdi, qahramonlik namunalarini ko‘rsatdi. Bugun o‘zining qutlug‘ 102 yoshini qarshi olgan otaxon farzand, nabira, chevara va evaralari, hamqishloqlari, el-yurt ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
Marhamat tumani, Paxtakor mahallasi, Namuna ko‘chasida yashayotgan 101 yoshli Imin Temirov ham urushdan sog‘-omon qaytganlardan. 1942-yilda maktabni tamomlab, 17 yoshida frontga ketgan Imin Temirov artilleriya qo‘shinlar tarkibidagi harbiy qismda Belorussiya, Polshani ozod qilishda qatnashdi.

1945-yilning boshlarida u xizmat qilgan harbiy qism Uzoq Sharqqa, Saxalinga yuborildi. Kuril orollarida yapon militaristlariga qarshi janglarda qatnashdi. Urush tugagach, Saxalindagi harbiy qismda besh yil xizmatni davom ettiradi. Sakkiz yil deganida uyiga kirib keladi.
Umarali Otaboyev, Abdug‘ani G‘opporov, Imin Temirov, singari insonlar oramizdagi tirik qahramonlar. Ularning mardligi, jasorat va qahramonliklari, ibratli hayot yo‘llari bugungi va kelajak avlod uchun ibrat maktabidir.
Ikkinchi jahon urushi janggohlarida mardlik, qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan, bugun farzand, nabira, evara va chevaralari, mahalladoshlari, butun xalqimiz ardog‘ida, el-yurtga tinchlik-omonlik, qut-baraka tilab, duoda yashayotgan tabarruk insonlarni qadrlash bizlarning burchimiz.
Kuni kecha janggohlarda mardlik ko‘rsatgan yurt qahramonlariga Prezidentimizning tabrigi yetkazilib, ularga sovg‘a-salomlar va pul mukofotlari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.