Xotin-qizlar bandligi va ijtimoiy himoya
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlashda kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining o‘rni yetakchi bo‘lmoqda. Buxoro shahrida bir necha yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “The End Lotos” tekstil korxonasi ana shunday ijobiy tashabbuslarning amaliy namunasi sifatida e’tirof etiladi.
Mazkur korxonada ayni paytda o‘n nafar xotin-qiz mehnat qilib, o‘z oilasi daromadiga munosib hissa qo‘shmoqda. Bu esa nafaqat ularning shaxsiy farovonligini ta’minlash, balki hududda ayollar bandligini oshirish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ish bilan ta’minlangan har bir ayol o‘z kelajagiga ishonch bilan qarab, jamiyatda munosib o‘rin egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda ijtimoiy sug‘urta tizimida amalga oshirilgan islohotlar esa bu jarayonni yanada qo‘llab-quvvatlamoqda. Ilgari homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, shuningdek, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha to‘lovlar ayrim hollarda ish beruvchilar zimmasiga yuklatilar edi. Bu esa tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuklama keltirib chiqarib, ayrim hollarda ish o‘rinlari barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi.

Bugungi kunda esa mazkur tizim tubdan takomillashtirildi. Endi bunday nafaqalar to‘liq Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar, bir tomondan, xodimlar uchun kafolatlarni mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, tadbirkorlar uchun yengillik va barqarorlik yaratmoqda.
Shu munosabat bilan yaqinda “The End Lotos” tikuv korxonasida Davlat ijtimoiy sug‘urtasi masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan xodimlarga tizimdagi yangiliklar, ularning huquq va imkoniyatlari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga aniq va asosli javoblar berildi. Bu kabi muloqotlar aholining huquqiy ongini oshirish, ularni mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Statistik ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Buxoro viloyatida hozirgi kunga qadar homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha 2995 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, shundan 1782 nafar fuqaroga nafaqalar to‘lab berilgan.

“The End Lotos” korxonasi misoli shuni ko‘rsatadiki, kichik ishlab chiqarish sub’ektlari nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki ijtimoiy masalalarni hal etishda ham muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali oilalar farovonligiga, jamiyat barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatiladi.
Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi tashabbuslar jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir. Ularni izchil davom ettirish va kengaytirish esa barqaror va farovon kelajakning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.