Xorijlik talabalar o‘rtasida o‘zbek tili bilimdonlari aniqlandi
O‘zbekistondagi OTMlarda tahsil olayotgan xorijlik talabalar o‘zbek tili bo‘yicha respublika olimpiadasida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Unda 15 davlatdan 74 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Til nafaqat aloqa vositasi, balki millatning tom ma’nodagi ko‘zgusi hamdir. Uning taraqqiyoti va jozibasi uchun har birimiz mas’ulmiz. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 37 yil to‘lmoqda. Shu munosabat bilan yurtimiz bo‘ylab muhim tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlarning uzviy davomi o‘laroq, yurtimizdagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar o‘rtasida o‘zbek tili bo‘yicha respublika olimpiadasi o‘tkazildi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan olimpiadada 46 ta oliy ta’lim tashkilotidan 15 ta xorijiy davlat vakili bo‘lgan 74 nafar talaba ishtirok etdi. Ishtirokchilar leksik-grammatik test, tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozma va og‘zaki nutq yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

Olimpiadaning asosiy yo‘nalishi bo‘yicha quyidagi ishtirokchilar g‘oliblar safidan o‘rin olishdi:
1-o‘rin: Ahmed Mabroor (Pokiston) – Samarqand davlat universiteti;
2-o‘rin: Abdurakhmon Habibullayev (Qirg‘iziston) – O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi;
3-o‘rin: Marguba Melonova (Rossiya Federatsiyasi) – Qo‘qon davlat universiteti.
Shuningdek, “til targ‘ibotchiligi” nominatsiyasi bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
1-o‘rin: Akhmad Usman (Pokiston) – Buxoro davlat universiteti;
2-o‘rin: Sadat Nesar Ahmad (Afg‘oniston) – Samarqand davlat tibbiyot universiteti;
3-o‘rin: Shahvej Alam (Hindiston) – Toshkent davlat tibbiyot universiteti.
G‘olib va sovrindorlar diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu kabi tadbirlar ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA