Qoraqalpog‘istonda «Ishbilarmon ayol» tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan «Ishbilarmon ayol» ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda respublikaning 17 ta shahar va tumanida o‘tkazilgan saralash bosqichlari g‘oliblari bo‘lgan tadbirkor xotin-qizlar o‘z faoliyati, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari hamda istiqbolli loyihalarini namoyish etdi.
Ishtirokchilar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, ular orasida mehmonxona xizmati, sanoat, un va sut mahsulotlari, yarim tayyor oziq-ovqatlar ishlab chiqarish, milliy liboslar va taqinchoqlar tayyorlash, go‘zallik xizmatlari ko‘rsatish, ko‘rpa-to‘shak tikish, asalarichilik hamda fermerlik bilan shug‘ullanayotgan ishbilarmon ayollar bor.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilar faoliyatini tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida baholadi. Bunda yangi ish o‘rinlari yaratish, «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash, eksportbop hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar sifatini oshirish va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada ishtirokchilarning mahsulotlari va istiqbolli loyihalari taqdim qilindi. Milliy hunarmandchilik buyumlari, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari, zamonaviy ishlab chiqarish hamda qurilish sohasiga oid ishlanmalar namoyishi tadbir ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Nukus shahridagi «Damir hotel» mehmonxonasi, «NUKUS POLIMER» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda «Besh qal’a» brendi ostida un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona rahbari Oygul Toshboyeva birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Qonliko‘l tumanidan fermer Guloyim Qaloayeva ikkinchi, Kegeyli tumanidan hunarmand Mariyam Kamolova uchinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-32012]
Shuningdek, «Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli», «Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol», «Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol» va «Eng yosh, faol ayol tadbirkor» nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari, diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA