Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktablar aniqlanmoqda
Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Toshkent viloyati bosqichiga start berildi.
Jarayonlar Olmaliq shahridagi 16-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tmoqda. Ta’kidlash lozimki, mazkur tanlov ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va o‘quvchilarning bilim darajasini yanada yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Erishilgan yutuqlar esa avvalo, ustozlarning fidokorona mehnati, izlanishlari va zamonaviy ta’limga bo‘lgan intilishlarining yorqin ifodasidir.


– Joriy yil ham “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida qatnashish uchun viloyatimiz bo‘yicha 753 ta maktabdan 1 ming 364 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan, – deydi Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi metodisti G‘anisher Yusupov. – Ular mart oyida tuman-shahar bosqichlarida ishtirok etgan edi. Viloyat bosqichiga esa 22 ta jamoadagi 110 nafar o‘quvchi saralandi. Ular bugun 4 ta shart asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi. Baholash markazi tomonidan har bir qatnashchining natijalari ko‘rib chiqiladi. G‘olib jamoa tanlovning Respublika bosqichida Toshkent viloyati sharafini himoya qiladi.

Dastlab tanlovning viloyat bosqichi boshlanishidan avval mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga barcha shartlar tushuntirildi. Shundan so‘ng yoshlar amaliy jarayonlarga kirishdi.

– O‘quvchilarimizning yaxshi natijalar ko‘rsatishiga ishonaman, – deydi Oqqo‘rg‘on tumanidagi 23-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nasiba Rahimjonova. – Belgilangan talablarga asosan tanlovda 7- va 9-sinflardan o‘quvchilar qatnashadi. Bizning ham 5 nafar bilimli nomzodlarimiz shu bosqichgacha yetib keldi. Bungacha ular juda ko‘p tayyorgarlik ko‘rishdi. Tanlov jarayonlarini onlayn monitorlar orqali kuzatish mumkin. Bu ham bir tomondan shaffoflik namunasidir.


Mazkur tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar (viloyat) bosqichi g‘oliblari 1-o‘rin uchun 250 million so‘m, 2-o‘rin uchun 200 million so‘m, 3-o‘rin uchun 150 million so‘m miqdorida taqdirlanadi. Respublika bosqichi g‘oliblari 1-o‘rin uchun 500 million so‘m, 2-o‘rin uchun 400 million so‘m, 3-o‘rin o‘rin uchun 300 million so‘m miqdorida mukofotlanadi.
A.Musayev, O‘zA